DXX Andijon viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Xo‘jaobod tumani «Munduz» MFY hududida «Andijon-Qorasuv» yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan R.A. boshqaruvidagi «Neksiya-3» rusumli avtomobil to‘xtatildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Mazkur mashina ko‘zdan kechirilganda, uning yukxonasiga yashirib qo‘yilgan 1 dona 30 litr hajmli yelim idishda va 2 dona sellofan paketda joylangan jami 2 116 501 (ikki million bir yuz o‘n olti ming besh yuz bir) AQSH dollari miqdoridagi xorijiy valyuta borligi aniqlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent shahridan berib yuborilgan ushbu pullarni Qorasuv shahrida yashovchi R.A. Shahrixon tumanida kutib olgan. Mazkur katta miqdordagi xorijiy valyuta bojxona nazoratini chetlab o‘tib, qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasiga chiqarilishi kerak bo‘lgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan DXX Andijon viloyat boshqarmasi tomonidan jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ushbu ishga aloqador shaxslarni aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.