Toshkentda o‘tkazilayotgan matbuot anjumanida o‘zbek kinosi atrofidagi fikr mulohazalar tinglandi, muammolar aytildi. «O‘zbekkino» milliy agentligi direktori Furqat Zokirov filmlar asosida teleseriallar olinayotganini ma’lum qildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Uning ta’kidlashicha, seriallardagi bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida badiiy filmlarning teleserial varianti tayyorlanmoqda. Jumladan, «Berlin — Oqqo‘rg‘on» filmi 4-qismli teleserial qilinmoqda.

— Yana bir gap, yozuvchilar nega ssenariy yozmayapti, degan fikrlarga ko‘p duch kelyapmiz. Yaxshi yozuvchi, yaxshi kinossenariychi degani emas. Chunki biror asar yozish bilan kino ssenariy yozishning farqi bor. Biz yozuvchilarni rejissyorlar bilan hamkorlikda ishlashga undayapmiz, — deydi «O‘zbekkino» rahbari.

Furqat Zokirov shuningdek kinoiyeatrlar haqida ham fikr bildirdi. «Bizning tasarrufimizda 6 ta kinoteatr faoliyat yuritadi. Bu ko‘p emas. Eng kamida 500 dan ortiq kinoteatr bo‘lishi kerak. Kinoteatrlar kamligi uchun filmlar tomoshabinga yetib bormayapti», — deydi u.