2019 yilning 3 aprel kuni Sirdaryo viloyat prokuraturasi tashabbusi bilan viloyat hokimligi bilan hamkorlikda ichki ishlar idoralarida profilaktik hisobda turgan 116 nafar voyaga yetmaganlarni Samarqand shahriga sayohati tashkil etildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — voyaga yetmaganlar qalbida vatanparvarlik tuyg‘usini va ota-onaga mehr-muhabbatini shakllantirish bo‘lib, O‘zbekistondagi tarixiy shaharlarga ekskursiyalar uyushtirilishi orqali ularni bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga qaratildi.

Sayohat davomida voyaga yetmaganlar tarixiy obidalar, ulug‘ allomalar nomlari bilan bog‘liq muqaddas ziyoratgohlar, jumladan «Registon maydoni» va «Go‘ri amir», «Hazrati Dovud» maqbaralarini ziyorat qildilar. So‘ngra O‘zbekiston Respublikasi birinchi prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘ydilar.

Keyingi manzil Imom Buxoriy ziyoratgohi bo‘ldi. Bolalar Imom Buxoriy muzeyi hamda «Hadis ilmi maktabi» bilan ham tanishdilar.

O‘tkazilgan sayohatdan so‘ng, xulqi ijobiy tomonga o‘zgargan 61 nafar voyaga yetmaganlar profilaktik hisobdan chiqarildi hamda jamiyatda o‘z o‘rnini topishlari uchun zaruriy ko‘mak berildi.

Bunday tadbirlar yil davomida ko‘plab o‘tkazilishi, jumladan Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlariga ham sayohatlar rejalashtirilgan.