O‘zbekiston Adliya vazirligi 2 aprel kuni e’lon qilingan davlat boj stavkalarining to‘rtinchi bandiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasidan oldi.

Hujjat loyihasida Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiska olish huquqini beruvchi yangi uylarni sotib olish bo‘yicha shartnomaning eng kam miqdorini oshirish taklif qilingan edi.

Hozirda Toshkent shahri va viloyatida yashash guvohnomasini olgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun shartnoma miqdori eng kamida 600 mln so‘mni, davlat boji esa shartnoma pulining 10 foizini tashkil etadi. Loyihada bu raqamlarni eng kam ish haqining 330 barobari yoki 669 mln so‘mga oshirish taklif qilindi.

Bundan tashqari, hujjat loyihaida yangi qurilgan uylarni sotib olish orqali Toshkent propiskasiga ega bo‘lishga da’vogar viloyatliklar uchun talablarni qiyinlashtirish taklif qilingan edi.

Loyihada ikki yoki undan ortiq shaxslar birgalikda Toshkentdan yangi uylardan xarid qilishda ularning har biri alohida davlat boji to‘lashi taklif qilingan.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘z Telegram-kanalida hujjat loyihasiga izoh berar ekan, ehtimoliy o‘zgarishga misol keltirdi: 5 kishi qo‘shilib, 500 mln so‘mlik uy sotib olsa, bunday holatda ularning har biri 25 mln so‘mdan davlat boji to‘laydi, ya’ni bunday vaziyatda Toshkent propiskasining narxi 125 mln so‘mga to‘g‘ri kelyapti.

«Agar xuddi shunaqa uyni „Toshkent Respublikasi fuqarolari“ sotib olsa, atigi 202 ming 730 so‘m davlat boji to‘laydi. Boshqacha aytganda davlat oldida O‘zbekistonning 5 nafar fuqarosi boshqa 5 nafar fuqarosidan 600 baravarga qadrsizroq», — deb yozdi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Huquqshunos loyiha u biroz avval e’lon qilgan «Propiska bo‘yicha layfxak» sarlavhali maqolasidan kelib chiqib tayyorlanganini taxmin qildi. Fuqarolik kodeksining 353-moddasiga binoan, ikki yoki bir necha shaxs shartnoma imzolashi mumkin. Ya’ni biror mulkni albatta 1 kishi sotishi yoki 1 kishi sotib olishi shart emas. Taraflar ko‘pchilik bo‘lishi mumkin, deyiladi ushbu maqolada.

«Tepadagilar mundooooq qarashsa, xalqqa yengil bo‘lib ketyapti. „Nimaga 3−4 kishi pul qo‘shib, uy sotib olib, osongina propiska olishi kerak?“ degan savolni berishgan. Va bunga javob sifatida ushbu loyihani ishlab chiqishgan, menimcha. Ular „Nimaga Rossiya, Ukraina va boshqa davlatlarning Konstitutsiyaviy sudlari allaqachon Konstitutsiyaga zid deya qaror chiqarib, bekor qilgan antikonstitutsiyaviy qoida bizda haliyam amalda?“ degan savolni o‘ziga berib ko‘rsa bo‘lmasmikin?» — deb yozadi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Huquqshunos 2018 yilgi davlat dasturida propiskasi yo‘q fuqarolar ham ikkilamchi bozordan uy sotib olishiga ruxsat berilishi belgilanganini esga olib o‘tdi. Jumladan, unda ikkilamchi kvartira bozorida ko‘chmas mulk sotib olgan viloyatliklarga doimiy propiska berishga ruxsat etish ko‘zda tutilgan edi. Biroq mazkur band hamon ijro etilgani yo‘q.

«Ularning birortasi «Nima uchun bir xil pasportga ega, bir xil soliq to‘laydigan O‘zbekiston fuqarolari faqat propiskasi tufayli bir-biridan bir necha yuz baravarga qadrsizroq?» degan savolni xayoliga keltirarmikin? Yo‘q, bunaqa savollar berilmaydi. Undan ko‘ra «Xalq osongina propiska olmasligi uchun nima qilsak bo‘ladi? Qonun hujjatlaridagi «fortochkalar"ni yopish uchun nima qilish kerak?» degan savollar ular uchun muhimroq. Nima uchun bir xil pasportga ega, bir xil soliq to‘laydigan O‘zbekiston fuqarolari faqat propiskasi tufayli bir-biridan bir necha yuz baravarga qadrsizroq?» — deya ta’kidladi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Agar shu loyiha haqiqatda tasdiqlansa, unda shu paytgacha «islohotlar faqat xalq manfaati uchun» degan shiorlarning barchasi bir tiyin bo‘ladi, chippakka chiqadi, deya o‘z mulohazalariga yakun yasaydi huquqshunos.

Chorshanba kuni Adliya vazirligi davlat boji stavkalarini kompleks ko‘rib chiqish hamda propiska masalasida qonun hujjatlarini takomillashtirish masalasi qo‘shimcha o‘rganilayotganligi sababli loyiha jamoatchilik muhokamasidan olib tashlanganini ma’lum qildi.