Prezident Shavkat Mirziyoyev Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan ma’muriy nazorat to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qonunda belgilanishicha, ma’muriy nazorat bu sud tomonidan jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarga qo‘llaniladigan cheklovlardan iborat tarbiyaviy ta’sir chorasidir.

Qonunga muvofiq, quyidagi voyaga yetgan shaxslarga sud tomonidan ma’muriy nazorat o‘rnatiladi:

o‘ta xavfli retsidivistlar;

og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum qilingan shaxslar, shu jumladan boshqa davlatlarda ozodlikdan mahrum qilinganlar;

qasddan qilingan jinoyatlari uchun ikki yoki undan ortiq ozodlikdan mahrum qilinganlar.

Ma’muriy nazorat davrida quyidagi cheklashlar belgilanishi mumkin:

yashash joyidan tashqarida bo‘lishni taqiqlash;
muayyan joylarda bo‘lishni taqiqlash;

sud belgilagan hududdan ichki ishlar organining ruxsatisiz chiqishni taqiqlash;

ro‘yxatdan o‘tish uchun har oyda bir martadan to‘rt martagacha ichki ishlar organiga kelish;

alkogolli ichimliklarni taqiqlash.

Ma’muriy nazorat olti oydan bir yilgacha muddatga o‘rnatiladi.

Quyidagi holatlarda ma’muriy nazorat tugatiladi:

muddat tugaganda;

sudlanganlik tugallangan yoki olib tashlanganda;

nazorat ostidagi shaxs ozodlikdan mahrum etilganda;

shaxsga tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilganda;

shaxs boshqa davlatga doimiy yashash uchun chiqib ketganida;

shaxs vafot etganida.

Shuningdek, qonunda nazorat ostidagi shaxslarning, ichki ishlar organlarining huquq va majburiyatlari belgilab berilgan.