Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Savdo departamenti mutasaddi rahbarlari va bir qator bozorlar rahbarlaridan iborat 22 nafar sudlanuvchi ustidan sud jarayoni davom etmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati xabar qildi.

Sudlanuvchilar orasida Toshkent shahar savdo va ishlab chiqarish departamenti boshlig‘i lavozimida ishlagan R. Abdumajitov (1961 yilda tug‘ilgan), Toshkent oziq-ovqat zaxirasi" DK direktori lavozimida ishlagan R. Rasulov (1963), «Iste’molda bo‘lgan transport vositalari va ehtiyot qismlari Sergeli bozori» MCHJning sobiq direktori D. Arifdjanov (1966), «Navro‘z davlat qabullar uyi» DKning sobiq direktori D. Tillyaxodjayev (1957), Yunusobod dehqon bozorining ikki nafar sobiq direktori O. Mustayev (1986) va B. Yusupov (1956), O‘rikzor bozorining sobiq direktori D. Muratov (1959), «Chorsu» bozorining ikki nafar sobiq direktori I. Sabirov (1968) va D. Mirtadjiyev (1978) va boshqalar o‘rin olgan.

Mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Sarvar Karimov raisligida hamda xalq maslahatchilari A. Nishonov va M. Mirag‘zamovdan iborat sud tarkibida ko‘rib chiqilmoqda.

Sudlanuvchilar O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 165 (tovlamachilik), 167 (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 168 (firibgarlik), 184 (soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash), 189 (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish), 192−1 (xususiy mulk huquqini buzish), 205 (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 208 (hokimiyat harakatsizligi), 209 (mansab soxtakorligi), 210 (pora olish), 228 (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish), 243 (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) va boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqdalar.

Hozirgi kunda sudlanuvchilarning ko‘rsatmalari tinglanmoqda. Sud jarayoni davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning avgustida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan iqtisodiyot asoslariga qarshi jinoyatlar sodir etgani uchun poytaxtdagi bir qator bozor rahbarlariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan edi.

Ushbu shaxslar:

  • sifatsiz mahsulotlarni sotib olish va ularning buzilishiga yo‘l qo‘yish orqali davlatga 27,7mlrd so‘mlik zarar yetkazish;
  • bozorlar hududida pulli xizmatlarni ko‘rsatishdan tushgan 3 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘larni inkassatsiya qilmasdan o‘zlashtirish;
  • aniqlashtirilmagan va noqonuniy qurilmalar (omborlar va yengil konstitutsiyalar) faoliyatidan tushgan 2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘larni o‘zlashtirish;
  • savdo nuqtalari faoliyatidan tushgan ijara to‘lovlarini topshirmaslik yo‘li bilan 1 mlrd so‘mdan ortiq davlat mablag‘larini talon-taroj qilish;
  • savdo nuqtalarini sotishda tadbirkorlardan 2 dan 5 ming dollargacha miqdoridagi noqonuniy mukofot pullarini olishda ayblanmoqda.

Bundan avvalroq, mazkur ish doirasida tergovga jalb qilingan «Bek to‘pi» savdo majmuasining sobiq direktori Shukrillaxon Ergashev 30 mart kuni IIV JIEBBga qarashli 1-son tergov hibsxonasida (sobiq «Toshturma») vafot etgan edi. 2018 yilning 12 noyabrida esa 1-sonli tergov hibsxonasining tibbiyot bo‘limida «Chilonzor buyum savdo majmuasi» kapital qurilish bo‘limining sobiq boshlig‘i Dilshod Abdullayev o‘zini osgan.