Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tizimidagi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Xalqaro bolalar kitobi kuni munosabati bilan «Bolalar kitobi haftaligi"ning ochilish tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda agentlikning telegramdagi kanali orqali xabar berildi.

Prezidentning 2017 yilning 13 sentyabrdagi «Kitob mahsulotlarini nashr qilish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida» gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilayotgan haftalikda Toshkent shahri maktablari o‘quvchilari, yosh kitobxonlar va jurnalistlar ishtirok etdi.

Kutubxona yo‘laklarida va «Istiqbol» zalida Xalqaro bolalar kitobi kuniga bag‘ishlangan kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Tadbir doirasida kitobsevar o‘quvchilar uchun O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bo‘ylab virtual sayohat tashkillashtirildi. Kutubxona xodimlari va yosh kitobxonlar o‘rtasida «Ertakterapiya» — qiziqarli intellektual o‘yinlar o‘tkazildi.

Bolalar kitobi haftaligi 5 aprelga qadar davom etadi.