Buxoroda Eski shahar yaqinida 225 mln dollarga Bukhara City loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanali ma’lum qildi.

Bukhara City Mustahkam Qurilish Bizness kompaniyasi tomonidan turkiyalik hamkorlar bilan birgalikda quriladi. Loyiha bank kreditlari jalb etilmagan holda investorlar tomonidan moliyalashtiriladi.

46 gektarlik maydon 32 lotga ajratilib, ular hududida ko‘p qavatli uylar va bolalar maydonchalari (310 ming kv. m), savdo markazlari (50 ming kv. m), banklar (10 ming kv. m), anjuman zallari va kutubxonalar (10 ming kv. m), shuningdek ijtimoiy ob’ektlar (35 ming kv. m) joylashtiriladi.

Loyihani amalga oshirish orqali 6000 dan ortiq ish o‘rinlari ochilib, 3000−3500 oila infratuzilmali shaharda turar joylar bilan ta’minlanadi. Shuningdek, 3 ta yirik savdo markazi, 8 ta ijtimoiy ob’ekt, 50 ga yaqin idora va biznes markazlari barpo etiladi.

«So‘nggi yillarda O‘zbekistonda „shahar ichidagi shahar“ tushunchasi keng tarqalmoqda. Ayniqsa Buxoro uchun yangi qiyofa va qulay sharoitlar juda muhim, chunki shaharga har kuni minglab sayyohlar tashrif buyuradi, u tarixiy jozibadorlikdan tashqari, zamonaviy qiyofaga ham ega bo‘lishi lozim», — deyiladi dasturda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi vaqtida Buxoroni «sayohatlar chorrahasi"ga aylantirish, shahar tarixi muzeyi, ko‘ngilochar muassasalar, hunarmandchilik markazlari barpo etilishi, Buxoroning eski shahar qismida piyodalar hududlarini tashkil etishni topshirgan edi.

Video

YouTube orqali ko‘rish

Foto

Buxoro hokimi O‘ktam Barnoyev prezident Shavkat Mirziyoyevga loyihani taqdim etmoqda.