Advokat va faol fuqaro Zuzana Chaputova Slovakiyada o‘tkazilgan prezidentlik saylovida g‘olib bo‘ldi. Shunday qilib, mamlakatni ilk bor ayol kishi boshqaradigan bo‘ldi, deya xabar beradi RIA Novosti.

Slovakiya statistika boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, 45 yoshli Chaputova 58,4% ovoz oldi. Uning raqibi — Yevrokomissiya raisi o‘rinbosari Marosh Shefchovich 41,6% ovoz to‘pladi. Ro‘yxatga olingan saylovchilarning 41,79 foizi saylovda ishtirok etdi.

Slovakiya 1993 yilda mustaqillikni qo‘lga kiritganidan beri Chaputova mamlakatning beshinchi prezidenti bo‘ldi. U 15 iyun kuni — amaldagi prezident Andrey Kiskining vakolati tugaganidan so‘ng vazifasiga kirishadi.

Zuzana Chaputova 1996 yilda Bratislavadagi Komenskiy nomidagi universitetida magistrlik darajasini olgan. 2001 — 2017 VIA IURIS jamoatchilik birlashmasi bilan hamkorlik qilgan, 2010 yildan advokat sifatida yordam bera boshlagan. Davlat muassasalarida mehnat huquqini ta’minlash masalalari bilan shug‘ullangan.