Aholi bilan bevosita va ochiq muloqotni ta’minlash, mavjud muammolarni aniqlash hamda ularni joyida bartaraf etish yuzasidan tezkor choralar ko‘rish maqsadida joriy yilning 2−3-aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Buxoro viloyatida sayyor qabul o‘tkazadi. Bu haqda bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, 2019-yil 2-aprel kuni Jondor tumani musiqa va san’at maktabi binosida Qorako‘l, Olot, Jondor, Peshko‘, Romitan, Shofirkon hamda Buxoro tumanlari aholisi uchun sayyor qabul o‘tkaziladi.

Joriy yilning 3 aprel kuni esa Kogon shahar hokimligi binosida Buxoro va Kogon shahri, shuningdek Kogon, G‘ijduvon, Vobkent, Qorovulbozor tumanlari aholisi uchun sayyor qabul bo‘lib o‘tadi.

Bosh prokuror qabuliga kirishni xohlagan fuqarolardan aynan qaysi masalada murojaat qilish istagida ekanliklari haqida imkoniyat darajasida avvaldan Buxoro viloyati prokuraturasiga 65−221−70−23 telefon raqami orqali murojaat qilishlarini so‘raymiz. Bu murojaatingizni manzilli o‘rganish va joyida hal etish imkonini yaratadi, deyiladi matbuot xizmati xabarida.