26 mart kuni O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘shinlarining jangovar tayyorgarligini majmuaviy tekshirish boshlangan edi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Mashg‘ulotlar davomida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari «Muborak» va «Nuriston» umumqo‘shin dala-o‘quv maydonlariga, shuningdek, havo va yer orqali mahalliy notanish hududlarga tashlandi.

Bundan tashqari jangovar mashg‘ulotlarga Markaziy harbiy okrugga qarashli ayrim bo‘linmalar ham jalb etilgan bo‘lib, ular Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining asosiy kuchlariga jangovar ko‘mak berish maqsadida harbiy texnikalar orqali marshni amalga oshirdi va belgilangan hududga joylashdi.

28 mart kuni harbiy xizmatchilar hamda bo‘linmalar tomonidan jangovar tayyorgarlik fanlari bo‘yicha nazorat-tekshiruv mashg‘ulotlaridan sinovlar topshirishi boshlandi.

Eslatib o‘tamiz, mashg‘ulotlarning asosiy maqsadi bo‘linmalarning jangovar tayyorgarligi va birligini tahlil qilish hamda baholashdan, harbiy qismlar, texnika va qurol-aslahalarning o‘quv-jangovar vazifalarni bajarishga shayligini tekshirishdan iborat.