Toshkent IIBB YHXB avtomobillariga o‘rnatilgan AutoCon-SC/M majmuasi endilikda Yo‘l harakati qoidalarining 3.27 («To‘xtash taqiqlangan») belgisi amal qiluvchi hududda to‘xtash ko‘rinishidagi qoidabuzarliklarni avtomat ravishda qayd eta boshlaydi. Yangilangan tizimni 25 martdan sinovdan o‘tkazish boshlandi, deya xabar qildi poytaxt IIBB matbuot xizmati.

Qoidabuzarliklar maxsus avtomobil ko‘chalar bo‘ylab harakatlanayotgan vaqtda qayd qilib boriladi. Ma’lumotlar onlayn ravishda Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining kompyuter tizimiga kelib tushadi. Tizim 58 mamlakat davlat raqamlarini aniqlash xususiyatiga ega.

IIBBdan aniqlik kiritilishicha, patrul avtomobili uchastkadan 5 daqiqalik farq bilan o‘tadi. Birinchi marta raqam qayd etiladi va haydovchi potensial qoidabuzar sifatida ko‘z ostiga olinadi. Ikkinchi marta esa haydovchisi qoidabuzar hisoblanmagan, masalan, avtomobil piyodani o‘tkazib yuborgan yoki nosozlik sababli to‘xtagan (tizim farq qiladigan avariyaviy to‘xtash belgisi qo‘yilishi kerak) avtomobillarni o‘chiradi.

Qoidabuzarlik to‘g‘risida qoidabuzar manziliga yuborilgan xat yoki 8860 raqamiga raqam belgisi va qisqa oraliq bilan texpasport raqamini yuborish (masalan, 01A123AA AAC1234567) orqali bilish mumkin. Kiruvchi SMS narxi — 210 so‘m (faqat UMS, Ucell, Uzmobile va Beeline abonentlari uchun).

3.27 belgisi ostida to‘xtaganlik uchun jarima miqdori Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128/6-moddasiga ko‘ra eng kam ish haqining 3 barobarini (608190 so‘m) tashkil etadi.

Kamera qoidabuzarlikni qayd etishi bilan uni ma’lumotlarni qayta ishlash markaziga yuboradi, avtomobil haydovchisiga esa texnik ko‘rikdan o‘tkazish yoki mashinani sotish munosabati bilan boshqa shaxs nomiga o‘tkazishni taqiqlash kabi bir qator cheklovlar o‘rnatiladi. Jarimalar to‘lanishi kerak bo‘lgan 60 kun o‘tishi munosabati bilan AutoCon-SC/M avtomat ravishda ma’lumotni Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosiga yuboradi, transport vositasi esa jarima maydonchasiga joylashtiriladi.

Tizim sinovi yakuniga yetganidan so‘ng 3.28 «To‘xtab turish taqiqlangan» belgisi o‘rnatilgan uchastkalarda qoidabuzarlikni qayd etish boshlanadi. Patrul avtomobili uchastkadan 10 daqiqadan so‘ng qayta o‘tadi va agar avtomobil raqami takror yozilsa, tizim qoidabuzarlikni qayd etadi.