Prezidentning joriy yil 19 fevral kuni Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida O‘zbekistonning Italiyadagi elchisi tomonidan taqdimoti o‘tkazilgan «JVM Keyr & Riserch» kompaniyasining qiymati 19,3 mln. AQSH dollari bo‘lgan 400 ish o‘rni yaratish loyihasini amalga oshirish belgilangan.

Shu munosabat bilan joriy yilning 14 mart kuni mazkur kompaniya vakillari 2019−2022 yillar davomida tibbiy klinika tashkil etishni muhokama qilish maqsadida viloyat hokimligiga tashrif buyurdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mehmonlarni viloyat hokimi o‘rinbosarlari M.Eshmatov va A.Xodjiyev kutib oldi.

Tashrif davomida, xorijiy mehmonlar tomonidan qiymati 2 mln. yevro bo‘lgan 40 ta ish o‘rinli bir vaqtning o‘zida 25 ta bemorga 24 soat davomida xizmat ko‘rsata oladigan yurak-qon tomir kasalliklarini davolovchi tibbiyot markazi tashkil etish loyihasini amalga oshirish uchun davlat sherikchiligi asosida Guliston shahridagi ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga qarashli bo‘lgan bino va inshootlar ajratilishi zarurligi bildirildi.

Shuningdek, mazkur loyihani amalga oshirish davomida, mahalliy shifokorlarning Polsha davlatida kompaniya hisobidan 3−4 oylik o‘quv-amaliy kurslarda malaka oshirishlari va Yevropadan 4−5 nafar malakali shifokor va 2 nafar shifokor assistentlari klinika ishlarini tashkillashtirish hamda o‘quv-seminarlari o‘tkazish uchun doimiy ravishda jalb qilinishi ma’lum qilindi. Muzokara so‘ngida, kompaniya vakillari Guliston shahridagi ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining xirurgiya bo‘limi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.