2019 yil 18 mart kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev raisligida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari ijrosi va ularga mutasaddi rahbarlarning munosabati yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda Toshkent shahar va tuman hokimliklari, mahalliy davlat boshqaruv organlariga tushgan yozma va og‘zaki murojaatlarning ko‘rib chiqilishi, hal etilishi hamda o‘z vaqtida asosli javob berishiga jiddiy e’tibor qaratildi.

Muhokama jarayonida Yakkasaroy tumanida 29 ta, Olmazor tumanida 16 ta, Mirzo Ulug‘bek tumanida 14 ta, Shayxontohur tumanida 13 ta va Sergeli tumanida 11 ta murojaat belgilangan muddatda ijro etilmaganligi tanqid qilinib, tuman hokimliklari ogohlantirildi.

Shu bilan bir qatorda fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish va qonun doirasida hal etish yuzasidan mutasaddi rahbarlarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.