Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev 19 mart kuni respublika telekanallari jonli efirida xalqqa murojaat qilib, prezidentlik vakolatini topshirganini e’lon qildi, deya xabar berdi Kazinform agentligi.

«Men prezident sifatidagi o‘z vakolatlarimni to‘xtatishga qaror qildim», — dedi Nursulton Nazarboyev.

20 martdan prezidentlik vakolatini to‘xtatish to‘g‘risidagi farmonni Nursulton Nazarboyev jonli efirda imzoladi.

Mamlakat prezidenti vazifasini vaqtincha bajarishni Senatning 65 yoshli raisi, muqaddam bosh vazir va tashqi ishlar vaziri lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan Qosim-Jomart Tokayev o‘z zimmasiga oladi.

Foto: nur.kz.

«Ishonamanki, Tokayev — aynan shu kishi bugun Qozog‘istonni boshqarishni ishonib topshirish mumkin bo‘lgan odam», — dedi Nursulton Nazarboyev o‘z murojaatida.

Nazarboyevning o‘zi Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi sifatida faoliyatini davom ettiradi.

Joriy yilda 79 yoshni qarshi olgan Nursulton Nazarboyev Qozog‘istonning birinchi va yagona prezidenti. Respublika mustaqilligi qo‘lga kiritilgan 1991 yildan buyon bir necha marta o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozondi. Jumladan, 2015 yilda o‘tkazilgan oxirgi saylovda 97,75 foiz ovoz to‘plagan. Uning amaldagi prezidentlik vakolati 2020 yil aprelida tugashi lozim edi.

2007 yilda parlament unga birinchi prezident sifatida cheklanmagan miqdorda prezidentlikka nomzodini ilgari surish vakolatini berdi.