O‘zbekiston 20 martdan Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolari uchun mamlakat hududiga kirganidan 30 kun muddatga vizasiz rejim joriy etildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 mart kuni bu haqdagi farmonni imzoladi.

O‘zbekistonga ish yuzasidan keladigan BAA fuqarolariga bir yillik ko‘p martalik vizalar O‘zbekistonning chet eldagi muassasalarida 3 ish kunida rasmiylashtiriladi. Bunda O‘zbekistondagi taklif qilayotgan yuridik shaxsning Tashqi ishlar vazirligiga murojaat etish talabi bekor qilindi.

Farmonda qayd etilishicha, hujjat O‘zbekiston va BAA o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlikni yanada faollashtirish, O‘zbekistonda qulay investitsiya muhitini yaratish va turizm salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan.