Oksana Chusovitina Ozarbayjonda sport gimnastikasi bo‘yicha Jahon kubogining navbatdagi bosqichi finalida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi, deya xabar qildi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Kubok 14−17 mart kunlari Milliy gimnastika arenasida 41 mamlakat sportchilari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

43 yoshli gimnastikachi 14,450 ballik natija bilan ikkinchi bo‘ldi. Birinchi o‘rinni amerikalik gimnastikachi Jeyd Keri 14,766 ball bilan qo‘lga kiritdi. Meksikalik sportchi Aleksa Moreno esa 14,294 ballik natija bilan bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

20−23 mart kunlari Oksana Chusovitina Qatarda navbatdagi Jahon kubogi bosqichida ishtirok etadi.

Mazkur musobaqa Tokio-2020 Olimpiadasi kvalifikatsiyasi bosqichi hisoblanadi.