Qozog‘istonning «KazakhExport eksport-sug‘urta kompaniyasi» aksionerlik jamiyati O‘zbekiston bozoridagi o‘rnini kengaytirmoqda — 14 mart kuni Toshkentda uning vakolatxonasi ochildi. Bu haqda O‘zA «Kazinform» xalqaro axborot agentligiga tayanib xabar berdi.

«KazakhExport» ofisining faoliyati asosan Qozog‘iston eksportchilarini sug‘urta sohasida qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Hozirgi kunda kompaniya dastagi bilan qo‘shni o‘lka ishbilarmonlari O‘zbekistonga oziq-ovqat, go‘sht va qandolat mahsulotlari, qurilish materiallari va boshqa tovarlarni yetkazib bermoqda.

Yangi vakolatxona O‘zbekistonga Qozog‘iston eksportini diversifikatsiya qilish, mahsulot va xizmatlar turini ko‘paytirish, hajmini oshirishga xizmat qiladi.

«KazakhExport» kompaniyasi bilan hamkorlikning yana bir muhim jihati shuki, ikki tomonlama savdo qatnashchilari bo‘lgan O‘zbekiston va Qozog‘iston kompaniyalarining eksport-import operatsiyalarini moliyalashtirishga banklarni jalb etish imkoniyatlari kengayadi.

Kompaniya boshqaruvi raisi Ruslan Iskakovning aytishicha, «KazakhExport» ofisi ochilishi doirasida «Aloqabank» va «Qishloqqurilishbank» bilan hamkorlik to‘g‘risida bitimlar imzolangan.