Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 mart kuni og‘ir xastalik tufayli vafot etgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, davlat va jamoat arbobi Mirabror Usmonovning xonadoniga tashrif buyurib, rafiqasi va farzandlariga hamdardlik bildirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qur’on tilovat etilib, marhumning haqiga duo qilindi. Prezident marhumning ezgu ishlarini yodga oldi.

— Mirabror Usmonov mustaqilligimizning og‘ir-yengil kunlarini tortgan, xalqimizga, Vatanimizga katta xizmatlar qilgan ulug‘ inson edi. Odamlarga qo‘lidan kelgancha yaxshilik qilardi. Oilasiga, yurtiga, davlatga sadoqatli edi. Keyingi paytlarda sog‘ligi yaxshi bo‘lmasa ham Senatning hamma majlislarida qatnashishga harakat qildi, foydam tegsin derdi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mirabror Zufarovich Usmonov 1947 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ko‘p yillar iqtisodiyot, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida turli lavozimlarda samarali faoliyat olib borgan, 1994−2005 yillarda esa O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari sifatida iste’mol mollari ishlab chiqarish va savdo tarmoqlariga rahbarlik qilgan.

Mirabror Usmonov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatidagi ko‘p yillik faoliyati davomida qonunlar ishlab chiqilishida faol ishtirok etdi. O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti sifatida O‘zbekistonda sportni rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi.

Mirabror Usmonovning ko‘p yillik samarali mehnati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlanib, «Mehnat shuhrati», «Fidokorona xizmatlari uchun», «El-yurt hurmati» va «Do‘stlik» ordenlari hamda «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni bilan mukofotlangan edi.