Toshkent viloyati Nurafshon shahar ma’muriy sudida 12 mart kuni «Yangiobod» turistik bazasining olib qo‘yilishi to‘g‘risidagi ish bo‘yicha sud jarayoni boshlandi. «Yangiobod. Chotqol marvaridi» yeri viloyat hokimligi tomonidan olib qo‘yilmoqda, deya xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

Ma’muriy ish sudya Husan Hamidov tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Turbaza huquqshunosi Azimjon Rahmatov da’vogar sifatida ishtirok etib, Toshkent viloyati hokimi G‘ulomjon Ibragimovning «Yangiobod» turbazasining olib qo‘yilishini ko‘zda tutuvchi 2019 yil 25 yanvardagi 53-sonli qarori to‘liq qonuniy kuchga ega emasligi hamda u turbaza huquq va manfaatlarini buzayotgani tan olinishini talab qilmoqda. Javobgar tomon sudda ishtirok etmadi.

Da’vogarning qayd etishicha, Toshkent viloyati hokimi qarorini qabul qilishda O‘zbekiston Yer kodeksining 37-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 25 maydagi 97-sonli qarori, aniqroq aytganda, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasini olib qo‘yilishida yerdan foydalanuvchi bilan oldindan kelishuvga erishish tartiblari buzilgan.

Bundan tashqari, hokim qarorida yer uchastkasi aynan qaysi maqsadlarda olib qo‘yilayotgani ko‘rsatilmagan.

«Toshkent viloyati hokimi mulkdorlar, shuningdek manfaatdor tashkilotlar va idoralar bilan yer uchastkasini olib qo‘yishni ochiq muhokama qilish bo‘yicha majburiy jarayonlarni inkor qilgan holda yer uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilgan», — dedi huquqshunos.

«Yangiobod. Chotqol marvaridi» direktori Ali To‘xtayev 7 mart kuni sudga murojaat qildi. U viloyat hokimining yerni olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarori ijrosini da’vo sudda ko‘rilgunga qadar to‘xtatishni so‘radi. U hokim qarorida kompaniya foydasiga qayd etilgan majburiyatlar hali bajarilmagani, shu munosabat bilan turbaza manfaatlariga real jiddiy xavflar borligini ko‘rsatib o‘tdi.

Sudya Husan Hamidov kompaniya manfaatlariga real xavflar yo‘q ekanini ta’kidlab, da’voni qanoatlantirmadi.

Navbatdagi sud majlisi 19 mart kuni bo‘lib o‘tadi.

«Gazeta.uz» fevral boshida turbaza atrofidagi vaziyat to‘g‘risida yozgan edi.