Bolalar uchun RoboKidz robototexnika maktabi asoschisi Temur Azamatov Mirzo Ulugbek Innovation Center (MUIC) Innovatsion markazi direktori etib tayinlandi, deya xabar qildi «Gazeta.uz"ga hukumatdagi axborot markazi.

Dekabrda markazga Nodir Dehqonov rahbar bo‘lgan, avvalgi kadrlar tarkibi tarqatib yuborilgan edi.

Temur Azamatov (1980 yilda tug‘ilgan) 2002 yilda Farg‘ona politexnika universitetini, 2009 yilda esa Angliyaning Raskin universitetini magistratura bosqichini tugatgan. 2014 yilda O‘zbekiston-Yaponiya markazida tahsil oldi, 2015 yilda esa bolalar uchun RoboKidz robototexnika maktabiga asos soldi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 30 iyundagi farmoni bilan tashkil etilgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi Innovatsiya markazining maqsadi iqtisodiyot sohalariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish, ilm-fan, ta’lim hamda ishlab chiqarish jarayonlarini markazlashtirish, axborot texnologiyalari mahsulotlari ishlab chiquvchilari va buyurtmachilariga qo‘shimcha imtiyozlar, preferensiyalarni taqdim etishdan iborat.

Ayni paytda AKT vazirligi huzurida Hindiston bilan hamkorlikda Dasturlar va innovatsion mahsulotlar texnoparki tashkil etilmoqda. Texnoparkning may oyida ochilishi rejalashtirilmoqda.