O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi barcha tuman va shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarining prenatal tashxis xonalari uchun 200 ta General Electric UZI uskunasini sotib oldi. Bu haqda SSV matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Vazirlik hisob-kitoblariga ko‘ra, ko‘p tarmoqli poliklinikalar har yili o‘rtacha 700 ming homilador ayollarni skrining tekshiruvi bilan qamrab olishi mumkin (avvallari — 280−350 ming).

«Ilgari homilador ayollar poytaxtimiz yoki viloyat markazlariga sarson bo‘lib, kelib-ketishgan bo‘lsa, hozirda bunga hojat qolmadi… Eng muhimi, 14 haftagacha bo‘lgan muddatdagi homila o‘sishida tug‘ma nuqsonlarni barvaqt aniqlash, o‘limga olib boradigan nuqsonlarga ega bolalar tug‘ilishining to‘liq oldini olish imkoni paydo bo‘ldi», — dedi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov.

UZI uskunalari prezidentning 2017 yil 25 dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan 2018 — 2022 yillar davrida bolalarda tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi doirasida bolalarda genetik sindromlarni erta tashxislash, nasliy kasalliklarga qarshi ommaviy skrining tekshiruvlarini o‘tkazish maqsadida xarid qilindi.