Toshkentda 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz xotin-qizlarini bayram bilan tabriklab, ularga chuqur hurmat-ehtirom va eng ezgu tilaklarini bildirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

— Bugungi quvonchli ayyomda dunyoda «fidoyi» degan so‘zga eng munosib bo‘lgan Ona siymosi oldida ta’zim qilamiz. Hayotimiz quvonchi, xonadonlarimiz ko‘rki bo‘lmish aziz ayollarimiz sha’niga eng go‘zal tilaklarimizni izhor etamiz. Ayol siymosi Yaratganning tengsiz mo‘’jizasi bo‘lib kelgan va hamisha shunday bo‘lib qoladi, — dedi davlat rahbari.

Xalq roziligi avvalo, muhtarama onalar, xotin-qizlarning roziligi bilan bog‘liqligi, ularning sog‘-salomat bo‘lib, baxtli yashashini ta’minlash barcha islohotlarning asosiy maqsadi va mezoni ekani ta’kidlandi.

Prezidentning 2019 yil 7 mart kuni qabul qilingan «8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq, O‘zbekiston taraqqiyoti, xalq farovonligini oshirish, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, oilalarni mustahkamlash borasidagi munosib xizmatlari uchun bir guruh xotin-qizlar Vatanimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan mukofotlandi. Ular orasida atoqli olimlar, shoir va adiblarning sadoqatli umr yo‘ldoshlari ham borligi alohida e’tiborga molik.

Shuningdek, davlat rahbarining 2 martdagi qaroriga muvofiq yigirma sakkiz nafar faol qiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan edi.

Tadbirda ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

— Sizlarning mana shunday ochilib, hayotdan rozi bo‘lib yurishingiz uchun, sizlarning baxtu saodatingiz uchun doimo sidqidildan xizmat qilishga tayyormiz. Istaymizki, mana shunday quvonchli kunlarimiz ko‘p bo‘lsin, — dedi prezident.

Bugun Shavkat Mirziyoyev yana bir muhim hujjat — «Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorga imzo chekdi. Unda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, maishiy va mehnat sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha kompleks vazifalar belgilangan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan tashrif buyurgan xotin-qizlar, turli vazirlik va idoralar vakilalari to‘kin dasturxon atrofida bayramni nishonladi. Tadbirda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan chet ellik diplomat ayollar, jumladan, Fransiya Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi elchilari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining turli vakolatxonalari rahbarlari ham ishtirok etdi.