Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov «Zarafshon» gazetasiga bergan intervyusida «Urgut» erkin iqtisodiy zonasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

«Urgutda, umuman, viloyatda tadbirkorlik jadal rivojlanayotgan bo‘lsada, prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan «Urgut» erkin iqtisodiy zonasi ishbilarmonlarimizning bu imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. Ularning xalqaro miqyosda ishlashi, andozani xorijga qarab olishi, bugun va ertangi kunni ham xalqaro bozor talabidan kelib chiqib ko‘ra olishiga imkoniyat yaratdi.

Ayni paytda erkin iqtisodiy zona uchun faqat Urgutda emas, Pastdarg‘om, Nurobod tumanlari va Samarqand shahrida jami 918 gektar yer maydoni ajratilgan. Bu «Urgut» erkin iqtisodiy zonasi butun viloyat iqtisodiyotida, sanoatida o‘z o‘rniga ega ekanini ko‘rsatadi.

Endi raqamlarga e’tibor bering. Hozir erkin iqtisodiy zonada 53 investor tomonidan umumiy qiymati 221,7 million AQSH dollariga teng 60 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihalar to‘liq ishga tushirilsa, 4484 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Yiliga 358,2 million dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi va 51,9 million dollar miqdorida eksport amalga oshiriladi.

O‘tgan yili va joriy yil boshidan buyon 76,1 million dollarlik 25 ta loyiha amalga oshirildi, 1 ming 171 ta ish o‘rni yaratildi", — deydi Erkinjon Turdimov.