5 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi O‘zbekiston birinchi prezidentining qizi Gulnora Karimovaga nisbatan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan muddatini ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirishni belgilagan. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi xabar qildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2017 yil 18 dekabrdagi hukmi bilan 1972 yilda tug‘ilgan Gulnora Islamovna Karimovaga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. «Insonparvarlik nuqtai nazaridan hamda mahkuma jinoiy yo‘l bilan orttirilgan pul mablag‘larini qaytarish va davlatga yetkazilgan zararni qoplash majburiyatlarini o‘z zimmasiga olganligini e’tiborga olgan holda», sudning 2018 yil 1 iyuldagi ajrimi bilan Gulnora Karimovaga tayinlangan jazo 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan.

«Ozodlikni cheklash jazosini o‘tash joyi etib mahkuma Gulnora Karimovaning o‘z tanloviga ko‘ra, qizi Iman Karimovaning yashash joyi belgilangan. Shu bilan birga, mahkuma Gulnora Karimova zimmasiga qonunchilikda nazarda tutilgan qator cheklovlar, shu jumladan, yashash joyidan chiqib ketmaslik, aloqa vositalaridan va internetdan foydalanmaslik hamda zararni qoplash majburiyati yuklatilgan», — deyiladi Bosh prokuratura axborotida.

«Gulnora Karimovaga ozodlikni cheklash jazosini o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlagan, shuningdek, sud tomonidan yuklatilgan majburiyatlarni bajarmagan taqdirda, sud jazoning o‘talmay qolgan muddatini boshqa jazo bilan almashtirishi mumkinligi tushuntirilgan. Lekin mahkuma Gulnora Karimova jazoni o‘tash davrida sud tomonidan o‘rnatilgan cheklovlarni muntazam ravishda buzib, o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmagan», — deya ta’kidlaydi Bosh prokuratura.

«Gulnora Karimova 2018 yil 22 noyabr kuni yashash joyidan o‘zboshimchalik bilan chiqib ketgan hamda jazoni o‘tash tartibi va shartlarini buzmaslik haqida ogohlantirilgan. Ogohlantirishga qaramasdan, Gulnora Karimova o‘ziga tegishli xulosa qilmasdan, jazoni o‘tash tartibi va shartlarini qasddan buzishda davom etgan, xususan: muntazam ravishda aloqa vositalaridan, shu jumladan, internetdan foydalangan; jinoyat ishi bo‘yicha aniqlangan o‘zi tomonidan yetkazilgan zararning qoplanishiga faol to‘sqinlik qilgan», — deyiladi axborotda.

Jazoni o‘tash tartibi va shartlarini qasddan buzganligi sababli Gulnora Karimova jinoyat-ijroiya qonunchiligiga muvofiq, O‘zbekiston IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmatining taqdimnomasiga asosan, 5 martda jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi tomonidan unga nisbatan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan muddati ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilib, umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.