«O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasining Toshkentdan Sankt-Peterburgga parvoz qilgan Boeing-767 yo‘lovchi samolyoti 2 mart kuni Moskvaning «Pulkovo» aeroportida qo‘ngandan so‘ng, old g‘ildiraklari uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib yuzasidan milliy aviakompaniya matbuot anjumani tashkil qildi. Bu hada O‘zA xabar berdi.

Unda «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi Uchuvchilar majmuasi rahbari Denis Solodovnikov jurnalistlarga quyidagilarni ma’lum qildi.

— Joriy yilning 2 mart kuni «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasiga tegishli HY631 reysi bilan Toshkentdan Sankt-Peterburgga parvozni amalga oshirgan Boeing-767 yo‘lovchi samolyoti Moskva vaqti bilan soat 21:59da «Pulkovo» aeroportida qo‘nishni amalga oshirish chog‘ida, uning old g‘ildiraklari uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketdi. Hodisa oqibatida favqulodda holat yuz bermagani uchun yo‘lovchilarni evakuatsiya qilishga hojat yo‘q edi. Qayd etish joiz, buning natijasida hech kim jabrlanmagan samolyotga zarar yetmagan.

Havo kemasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, u to‘liq parvozga shay holatda, qulay ob-havo sharoitida O‘zbekiston havo kengliklari uzra parvoz qilgandi. Reys amalga oshirilishi oldi samolyot to‘liq texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan va ijobiy xulosaga ega.

Samolyot belgilangan manzilga yetib boradi. Bu paytda esa «Pulkovo» aeroportida tun bo‘yi qor yoqqan. Aeroport uchish-qo‘nish yo‘lagi doimiy qordan tozalanib turilgani uchun parvozlarni amalga oshirish uchun hech qanday to‘siq yo‘q edi. Havo kemasi komandiri barcha vaziyatni inobatga olib, qo‘nish uchun qaror qabul qiladi. Shundan so‘ng samolyot belgilangan tartibda qo‘ndiriladi. Kema esa to‘liq to‘xtash holatiga o‘tganiga qaramasdan sirg‘alishda davom etadi va old g‘ildiraklari yo‘lakdan chiqib ketadi. Bunday vaziyatda fuqarolar jabr ko‘rmagan va samolyotga texnik shikast etmagan bo‘lsa-da, xavfsizlik nuqtai nazaridan uchuvchi komandirining so‘roviga ko‘ra, aeroport xodimlari voqea joyiga yetib keladi va bortda bo‘lganlarni odatdagi tartibda kutish zali tomon kuzatib qo‘yadi.

Ma’lum bo‘lishicha, shu kuni Boeing-767 yo‘lovchi samolyotini Alisher Karimov boshliq uchuvchilar va bort kuzatuvchilari boshqargan. Havo kemasi komandiri «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasida 1988 yildan beri faoliyat yuritib keladi. Shu kunga qadar uning umumiy parvoz vaqti 15 ming 900 soatni, «Boeing» rusumidagi kemalarda esa 6 ming 400 soatni tashkil qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, uchuvchi uzoq yillik mehnat faoliyatiga va malakali kasb mahoratiga ega.

Matbuot anjumani chog‘ida jurnalistlar uchuvchi bilan telefon orqali muloqot qilish va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniga ega bo‘ldi.

— «Pulkovo» aeroportiga yetib kelganimizdan so‘ng, menga uchish-qo‘nish yo‘lagining holati yuzasidan me’yoriy ma’lumot berildi, — deydi A.Karimov. — Uchuvchilar ayni shu ma’lumot asosida qo‘nish yoki qo‘nmaslik qarorini qabul qiladi. Taqdim etilgan ma’lumot qo‘nishni amalga oshirish uchun kompaniyamiz siyosati va barcha talablariga javob berardi. Qo‘nish muvaffaqiyatli kechdi. Biroq uchish-qo‘nish maydonini bo‘shatish uchun havo kemasi qisqa tezlikda harakatlanishda davom etardi. Shu pallada esa old g‘ildiraklar sirpanishni boshladi va harakatlanish hududidan chiqib ketdi. Kema dvigatellari to‘liq to‘xtagan bo‘lsa-da, bunday paytda bort kuzatuvchilari brigadasi komandirini va aeroport xodimlarini vaziyat haqida xabardor qilishim zarur edi va shunday yo‘l tutdim.

Havo kemasi bortida 241 nafar yo‘lovchi (shundan 5 nafarini yosh bolalar tashkil qiladi) va 15 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Yo‘lovchilar bunday vaziyatdagi holati haqida Bort kuzatuvchilari brigadasi komandiri Yuliya Juravleva shunday deydi:

— Havo kemasi ovoz uzatish moslamalari orqali vaziyat haqida menga xabar berdi. Shundan so‘ng jamoamiz yo‘lovchilar xavfsizligini ko‘zdan kechirdik va joylarida qolishlarini so‘radik. Havo kemasi shikastlanmagan va yong‘in chiqmagani bois favqulodda holat e’lon qilishga zarurat yo‘q edi. Shu bois fuqarolarni kemani tark etishlari ham odatdagi tartibda kechdi. Fuqarolar bilan suhbat chog‘ida ular hech qanday noqulaylik sezishmagani aytishdi.

Qayd etish joiz, milliy aviakompaniyada 1995 yildan buyon mehnat faoliyatini amalga oshirib kelayotgan Yu.Juravleva barcha turdagi (Hatto yangi avlod samolyoti — «Boeing 787 Dreamliner» uchun ham) parvozlar bo‘yicha universal bort kuzatuvchisi hisoblanadi.

Zafar Saidazimov «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasining Sankt-Peterburgdagi rasmiy vakili hisoblanadi. Ushbu reys bilan parvozni amalga oshirgan fuqarolarning holati va voqea tafsilotlari haqida telefon orqali suhbatda quyidagilar oydinlashdi.

— Aviakompaniyamiz o‘z xizmatlarini taqdim etish chog‘ida zarurat tug‘ilganda qayta bog‘lanish uchun mijozlardan telefon raqamlarini ko‘rsatishlarini so‘rashadi. HY631 reysi yakuni bo‘yicha hech kim jabr ko‘rmagan bo‘lsa-da, mijozlarimizning voqeadan keyingi holatini bilish, zarurat yuzaga kelganda yordam berish maqsadida ular bilan bog‘lanishga harakat qildik. Ammo ularning aksariyati O‘zbekiston hududidagina aloqa qilish imkonini beradigan raqamlar bo‘lib chiqdi. Sanoqli fuqarolar Rossiya hududida aloqa qilish imkonini beradigan raqamlarini taqdim etishgan. Ular bilan bog‘landik va parvoz haqidagi ijobiy xulosalarini oldik.

Ayni paytda «Pulkovo» aeroportidagi voqea yuzasidan Rossiya Federatsiyasi tergov qo‘mitasi va Rosaviatsiya tergov olib bormoqda. Komissiya havo kemasi holati bo‘yicha ijobiy xulosasi kutilmoqda. Shundan so‘ng Boeing-767 yo‘lovchi samolyotini parvozga qayta shaylashimiz mumkin.