O‘tgan shanba kuni O‘zbekiston-Tojikiston chegarasidagi «Bog‘obod» («Hisor») ikki tomonlama avtomobil nazorat-o‘tkazish punkti (NO‘P) ochildi, deya xabar qildi «Hovar» axborot agentligi.

«MIR24» telekanali xabariga ko‘ra, 25 yil ishlamagan NO‘P O‘zbekistonning Uzun va Tojikistonning Hisor hududlarini bog‘laydi.

«Mazkur NO‘P sobiq ittifoq davrida qurilgan. Hozirda u zamon talablari asosida rekonstruksiya qilinib, zamonaviy texnika va chegarachilarning xizmat olib borishlari uchun imkoniyatlar bilan ta’minlangan», — deya Tojikiston chegara qo‘shinlari matbuot xizmatidan iqtibos keltiradi «Hovar».

Asia-Plus xabariga ko‘ra, o‘tkazish punkti kunduz kunlari xalqaro maqomsiz faoliyat ko‘rsatadi. U orqali O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari va transport vositalari o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili O‘zbekiston va Tojikiston chegaralarida to‘qqizta: «Jartepa» («Sarazm»), «Qushkent» («O‘ra-Tepa»), «Uchqo‘rg‘on» («Havotog‘»), «Havastobod» («Zafarobod»), «Bekabod» («Hashtyak»), «Pop» («Navbunyod»), «Ravot» («Ravot»), «Gulbahor» («Ayvaj») avtomobil o‘tkazish punktlari va «Amuzang» («Hoshadi») temir yo‘li o‘tkazish punkti o‘z faoliyatini qayta boshlagan edi.