Ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bir qator qonun loyihalari palataning navbatdagi majlisida birinchi, ikkinchi, uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun tayyorlanmoqda. Ulardan biri — «Turizm to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qonun loyihasi bo‘lib, Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi mas’ulligida maromiga yetkazilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi devonining qo‘mitalar huzuridagi kotibiyati katta referenti Otabek Ravshanov ma’lum qildi.

Ta’kidlash joiz, mazkur qonun loyihasi 2018 yilning 9 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilingan edi.

Ishchi guruhi tomonidan ushbu qonun loyihasi davlatimiz rahbarining 2018 yil 8 avgustdagi «Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi Farmonidan kelib chiqib takomillashtirilmoqda. Undagi havolaki normalar chiqarilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi moddalar kiritilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini imkon qadar qisqartirib, ular qonun loyihasining o‘zida aks ettirilmoqda. Xususan, Qonun loyihasining 3-moddasidagi asosiy tushunchalar takomillashtirildi. Mazkur modda «instruktor-yo‘lboshlovchi», «turistik mahsulot» hamda «turistik mahsulot buyurtmachisi», «ixtiyoriy turizm», «joylashtirish vositasi», «turistik yo‘nalish», «ekskursiyachi», «yo‘riqchi-yo‘lboshlovchi» kabi bir qator yangi tushunchalar kiritilgan bo‘lsa, «turizm», «turist», «gid», «tur», «turistik vaucher» kabi atamalar yanada aniqlashtiruvchi tahrirga aylantirildi.

Shu bilan birga, qonun loyihasida turizm faoliyatini tashkillashtirishni ta’minlaydigan turizm korxonalari — turizm operatorlari, turizm agentliklari, ekskursiya tashkilotlari, turizm firmalari turizm faoliyatini amalga oshirish huquqi faqat litsenziya asosida olib borilishi belgilab qo‘yilmoqda. Bu bilan qonuniy tartibda turizm faoliyatini tashkil etish istagida bo‘lgan istalgan yuridik yoki jismoniy shaxs mazkur litsenziya asosida erkin ravishda faoliyat yuritishi imkoniyati yaratiladi.

Qonun loyihsini maromiga yetkazish jarayonida bir qator xorijiy davlatlar — AQSH, Fransiya, Germaniya, Italiya, Angliya, Ispaniya, Rossiya, Turkiya, Gruziya, Ozarbayjon, Polsha, Belarus, Qozog‘iston kabi davlatlarning turizm sohasidagi qonunchiligi ham obdon o‘rganilib, tahlil qilindi. Shuningdek, turizmga aloqador xalqaro shartnomalar jumladan «Xalqaro turizm sohasidagi Manila deklaratsiyasi», «Ming yillik Osaka deklaratsiyasi» hamda xalqaro hujjatlar ya’ni, Birlashgan Millatlar tashkilotining «Butun jaxon turizm tashkilotining rezolyutsiyasi"ning amaliyotda qo‘llanishiga e’tibor qaratildi.

Qayd etish joizki, qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida jamoatchilikning fikr-mulohazalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu borada Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan 10 dan ortiq uchrashuvlar o‘tkazilib, ularda 100 ga yaqin takliflar olindi. Ushbu takliflarni qo‘mita ishchi guruhi ekspertlari birma-bir ko‘rib chiqdilar va asosli takliflarni qonun loyihasida aks ettirishga harakat kilindi. E’tiborlisi, ishchi guruhi yig‘ilishlarida qonun loyihasiga 200 dan ortiq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizda turizm sohasini jadal rivojlantirish, soha taraqqiyotini ta’minlash va uning infratuzilmalarini jahon standartlariga mos ravishda takomillashtirish imkonini beradi.