Qozog‘iston Moliya vazirligi to‘rtta davlat oliy ta’lim muassasasidagi davlat ulushini sotuvga qo‘ydi. Bu haqda davlat reyestri saytidagi ma’lumotlar guvohlik bermoqda.

Abilay Xan nomidagi Qozog‘iston xalqaro munosabatlar va jahon tillari universiteti, Qozog‘iston bosh arxitektura-qurilish akademiyasi, O.A.Baykonurov nomidagi Jezqazg‘an universiteti hamda Olma Ota energetika va aloqa universitetidagi davlat ulushlari sotuvga qo‘yilgan.

Qayd etilishicha, uchta OTMdagi davlat ulushi 35 foiz, Olma Ota energetika va aloqa universitetida esa 33,65 foizni tashkil qiladi.

Taqdim etilgan ro‘yxatdagi eng qimmat OTM arxitektura-qurilish akademiyasi bo‘lib, uning boshlang‘ich bahosi 2,5 mlrd tengedan iborat. Xalqaro munosabatlar universiteti bahosi 1,7 mlrd tengedan boshlansa, Energetika va aloqa universiteti — 1,4 mlrd tenge va JezU — 336 mln tenge.

Savdolar 7 mart kuni auksion uslubida boshlanadi va narxlar oshib boradi.