27 fevralida Xalq ta’limi vazirligi hamda AQSH hukumati o‘rtasida ta’lim sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi, deya xabar qildi XTV matbuot xizmati. Memorandum doirasida AQSH hukumati O‘zbekistonda ta’lim sohasini isloh qilishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Memorandumni Toshkentda xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov hamda AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi vazifasini bajaruvchisi, elchi Elis Uells, shuningdek, AQSH Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) administratorining Markaziy va Janubiy Osiyo bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Xaver Pedra imzoladi.

USAID XTVga ta’lim sohasida strategik rejalashtirish, resurslarni safarbar qilish, o‘qitish metodikasini takomillashtirish va o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda maslahatlar berib boradi. Shu bilan birga agentlik ta’lim sohasidagi ma’lumotlarni yig‘ish va ulardan foydalanish bo‘yicha eng yaxshi jahon tajribalari bilan o‘rtoqlashadi.

«USAID yurtimizdagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘qish (EGRA) hamda matematika (EGMA) dan olgan bilimlarini baholash jarayonida ko‘mak beradi. Bu esa, o‘z navbatida, o‘quv dasturlari hamda o‘quvchilarning tahliliy fikrlashlarini rivojlantirishga xizmat qiladi», — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, AQSH Davlat departamenti XTVga maktablarda maslahat xizmatlari hamda yangi o‘quv standartlari va darsliklarni yaratish uchun texnik mutaxassislarni taqdim etadi. Amerika mutaxassislari vazirlikka ma’muriy boshqaruv hamda maktablarni boshqarish bo‘yicha maslahat beradi.

Shuningdek, XTV hamda AQSH Davlat departamenti o‘zbekistonlik o‘qituvchi va o‘quvchilariga ingliz tilini o‘rganish uchun treninglar tashkil etishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi.

Hamkorlik turlaridan yana biri sifatida sport tanlab olindi. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha maktablarda zo‘ravonlikni kamaytirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida o‘quvchilar sportga hamda maktabdan tashqari tadbirlarga jalb etiladi.

Amerikalik mutaxassislar respublika maktablarida STEM (fan, texnologiya, muhandislik va matematika)ni o‘qitish sifatini oshirish bo‘yicha O‘zbekistondagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, AQSH mutaxassislari axborot texnologiyalari va ingliz tili o‘rganishda o‘quvchilarning bilimlarini oshirishga qaratilgan IT-nation va English speaking nation loyihalarini amalga oshirishda ko‘maklashadi.