Bugun O‘zbekiston Respublikasi prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Jahon adabiyoti durdonalari: o‘zbek tiliga tarjima qilish va chop etishdagi yutuqlar, muammolar va istiqboldagi rejalar» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda agentlikning telegramdagi kanali orqali xabar berildi.

«O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshida jamoatchilik asosida „Tarjima va targ‘ibot markazi“ tashkil etish rejalashtirilgan, yuqori malaka va tajribaga ega tarjimonlar guruhi hozirda shakllantirilmoqda, — dedi uyushma raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. — Markaz faollari jahon va qardosh tillardan o‘zbek tiliga, o‘zbek tilidan jahon va qardosh tillariga tarjima qilish bilan shug‘ullanadi. Markazning tarkibi, ishlash tartibi va rejalari mart oyida ishlab chiqiladi».

Markaz, shuningdek, tarjimonlar mehnatiga munosib haq to‘lash, tarjima ishlari uchun oldindan qisman to‘lovlar tartibini joriy etishni muvofiqlashtiradi.

Tadbirda badiiy va ilmiy asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qilishda mualliflik huquqi himoya qilinishi yuzasidan fikrlar bildirildi.

«Bugungi kunda O‘zbekistonda o‘zbek va jahon adabiyotini chop etish hamda mualliflarga haq to‘lashda ko‘plab qonunbuzilish holatlari mavjud, — dedi Intellektual mulk agentligi qoshidagi o‘quv markazi direktori o‘rinbosari Vohidjon Allayorov. — Masalan, mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida shunaqa topshiriqlar bo‘lar ekan: o‘qituvchilarning qo‘liga rus tilidagi kitob beriladi hamda „Shuni tarjima qilasan va o‘zingning nomingdan chop etasan“, deyishadi. O‘qituvchi internetdan kitobning elektron variantini ko‘chirib oladi va tarjimonlarga pul to‘lab, o‘zbek tiliga o‘giradi, keyin o‘zining nomidan chop ettiradi. Bu bir tomondan — juda kulgili va ayanchli holat, ikkinchi tomondan — qonunning qo‘pol ravishda buzilishi».

Intellektual mulk agentligi mutasaddilarining bildirishicha, asarni yozgan shaxs hayot bo‘lsa yoki uning vafotiga hali 50 yil to‘lmagan bo‘lsa, muallifdan yoki uning vorisidan rozilik olinishi shart.

«Internet kutubxonalar, ma’rifiy yo‘nalishda faoliyat olib boradigan saytlarga joylashtirilayotgan asarlar haqida ham xuddi shu fikrni aytish mumkin, — dedi Vohidjon Allayorov. — Biror bir portalga asarni joylashtirish uchun intelektual mulk egasi (asar muallifi yoki tarjimon) roziligi olinishi lozim. Aks holda bu nafaqat ma’muriy, balki jinoiy javobgarlikka ham asos bo‘lishi mumkin».

Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi «Ijod» jamoat fondi direktori Sherzod Irzoyev ijodkorlar uchun belgilangan qalam haqi miqdori kam ekanini tan oldi.

«Albatta, bugun qalam haqi uchun muayyan stavkalar belgilangan, — dedi Sherzod Irzooyev. — Stavkalarni belgilashda o‘zim ham qatnashganman. Qalam haqi miqdori kamroq, lekin uni ko‘paytirsak, kitoblarning tannarxi oshib ketadi».