22 fevral kuni Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi xususiy uylardan birida sodir bo‘lgan yong‘inda besh kishi halok bo‘ldi, ulardan ikki nafari yosh bolalar edi, deya xabar berdi O‘zbekiston DYOXX matbuot xizmati.

Yong‘in sodir bo‘layotgani haqidagi xabar Urgut tumani Yong‘in xavfsizligi bo‘limining dispetcherlik xizmatiga soat 2:01 da kelib tushgan. Voqea joyiga 7 ta maxsus yong‘in o‘chirish ekipajlari jalb etilgan. Yong‘in o‘chirish bo‘linmalari yong‘in joyiga soat 2:09da yetib borgan vaqtida uy ochiq alanga bilan yonayotganligi ma’lum bo‘lgan. Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 2:22 da qurshab olinib, soat 3:48 da bartaraf etilgan.

Yong‘in oqibatida uyning 150 kv. metr maydonda tomi, shifti va uy jihozlari hamda qo‘shni uyning 15 kv. metr maydonda tom qismi yonib zararlangan.

Yong‘inni bartaraf etish jarayonida uy egasi (1954 y.t.), rafiqasi (1956 y.t.), qizi (1992 y.t.), nabiralari X.M. (2011 y.t.) va N.M. (2013 y.t.) yong‘in o‘chiruvchilar tomonidan qutqarilgan. Shulardan, N.M. kuyish tan jarohati bilan tuman markaziy shifoxonasiga olib ketilgan, ahvoli qoniqarli (10 foiz kuyish tan jarohati olgan).

Yong‘inni o‘chirish vaqtida 89-uy egasining farzandlari X.U. (1980 y.t.), O.U.(1986 y.t.), kelini Sh. E. (1993 y.t.), nabiralari Sh. Z. (2013 y.t.) va Sh. Z.ning (2018 y.t.) kuygan holdagi jasadlari topilgan.

Yong‘in holati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.