2018-yil davomida Markaziy bankning banklararo to‘lov tizimi orqali amalga oshirilgan operatsiyalar summasi 2017-yilga nisbatan 32 foizga ortib, 845,6 trln. so‘mni, o‘z navbatida amalga oshirilgan operatsiyalar soni esa 74,7 mln. tani tashkil qildi, deyiladi MB to‘lov tizimi sharhida.

Tizim orqali o‘rtacha kunlik tranzaksiyalar soni 272,5 ming tani, o‘rtacha kunlik tranzaksiyalar summasi 3,1 trln so‘mni tashkil etdi.

Markaziy bankning hisob-kitoblar kliring tizimi orqali xizmatlar bo‘yicha real vaqt rejimida to‘lovlar summasi 2017-yilga nisbatan 2 barobarga ortib (5,2 trln so‘m), 10,2 trln so‘mga yetdi.

1-yanvar holatiga 17,7 mlnta bank plastik kartalari muomalada bo‘lib, 2018-yil mobaynida (2018-yil 1-yanvar holatida 19,2 mln dona karta bo‘lgan) DUET tizimi bank plastik kartalari bilan bog‘liq loyihalarning tugatilganligi munosabati bilan umumiy soni qisqargan.

Yil boshida O‘zbekistonda 244,9 ming ta to‘lov terminali mavjud bo‘lib, 2018-yil 1-yanvariga nisbatan (235,7 mingta) 3,9 foizlik o‘sish qayd etilgan. Bankomat va infokiosklar soni esa 21,8 foizga ortib, 6859 taga yetgan (2018-yilda — 5632 ta).

Sharhda Humo milliy to‘lov tizimini joriy yildan ishga tushirish rejalashtirilayotgan ham xabar qilingan. U xalqaro to‘lov tizimlari bilan integratsiya qilinadi.