So‘nggi vaqtda oilaviy ajrimlarning ko‘payishi aliment undirish bilan bog‘liq murojaatlar sonini ham oshirgan. Bu haqda Qashqadaryo viloyat ma’muriy sudi sudyasi Oybek Beknazarov ma’lum qildi.

Misol uchun, 1980 yilda Qarshi shahrida tug‘ilgan Olimjon Baymurodov ham oilasi bilan ajrashgan. Unga nisbatan fuqarolik ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudining 2014 yil 15 sentyabrdagi sud buyrug‘iga asosan Nargiza Shodiyeva foydasiga voyaga yetmagan bir nafar farzandi moddiy ta’minoti uchun to u 18 yoshga to‘lgunga qadar oylik ish haqining to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment undirish belgilangan. Biroq oradan o‘tgan 47 oy uchun 17 million 520 ming so‘m aliment puli o‘z vaqtida to‘lanmagan. O‘g‘li ham o‘z kunini o‘zi ko‘radigan yoshda bo‘lsa-ku qani, 2010 yilda tug‘ilgan yosh bola hali.

Qarshi shahar ma’muriy sudida o‘tgan ochiq sud majlisida Olimjon Baymurodov chindan ham aliment pulini to‘lamay kelgani, hozirda ham oilaviy sharoiti og‘irligi sababli bu pulni to‘lay olmasligini ma’lum qildi.

Sud Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 474-moddasiga asosan moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash, ya’ni ularni moddiy ta’minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib ikki oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamaslik holatiga ko‘ra, huquqbuzar O.Baymurodovga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi tayinlashni lozim deb topdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, 2018 yil davomida viloyat ma’muriy sudlari tomonidan aliment bilan bog‘liq, ya’ni voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlagani uchun 213 ta holatda 235 nafar shaxsga nisbatan ish ko‘rilgan bo‘lib, barcha huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.