11 fevral kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida superliga va pro-liga hakamlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti, O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov, PFL bosh direktori Omon G‘ofurov ishtirok etdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilish davomida hakamlarning xolislikni ta’minlashlari lozimligiga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan Umid Ahmadjonov ham hakamlar saviyasini oshirish kerakligi, ularni xalqaro maydonlarda ham o‘zlarini ko‘rsatishlari lozimligi haqida gapirdi.

Hakamlarga endi mezbon klub emas, PFL pul to‘laydi

«Sir emaski, hakamlarimiz saviyasini oshirish uchun O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasi tomonidan kerakli chora-tadbirlar olib borilmoqda. Sizlar uchun xorijiy o‘quv-mashg‘ulotlar tashkil qildik, turli seminarlar o‘tkazmoqdamiz. Endi o‘yinlarda yaxshi baho olgan hakamlar O‘FA tomonidan rag‘batlantirib boriladi. Shuningdek, hakamlarning safar harajatlari ham avvalgidek mezbon klub tomondan emas, PFL tomonidan to‘lab beriladi. Qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ygan hakamlar esa qaytib superliga o‘yinlariga qo‘yilmaydi. Ular pro-liga musobaqasida hakamlik qilishadi. Yuqori liga uchrashuvlarini boshqarishga munosib ekanliklarini qayta isbotlashlari kerak bo‘ladi», — dedi Umid Ahmadjonov.

Hakamlarni maxsus inspeksiya nazorat qiladi

«Maqsad — hakamlarimiz o‘yinlarni xolis va adolatli boshqarishsin, turli qing‘irliklardan uzoqroq yurishsin. Hakamlarning harakatlari muntazam ravishda maxsus inspeksiya tomonidan nazorat qilib borilishini ham ta’kidlab o‘tish zarur. Qing‘ir ishlarlarga aralashadigan hakamlar qattiq jazolanadi», — deb alohida qayd etdi O‘FA birinchi vitse-prezidenti.