Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari bojxona to‘lovlaridan qochish maqsadida tovarlarni deklaratsiyalovchi shaxslar tomonidan bojxona rasmiylashtiruviga lozim darajada rasmiylashtirilmagan hujjatlarni taqdim etish holatini fosh etishdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

«Toshkent-tovar» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida poytaxtda faoliyat yuritayotgan mas’uliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga xorijdan keltirilgan, salkam 127 tonna og‘irlikdagi «Sun’iy va viskoz tolali matolar"ga doir bojxona yuk deklaratsiyalari va unga tegishli hujjatlarni bojxona organlariga elektron tarzda taqdim qilish jarayonida deklaratsiyalovchi shaxs G. K. «uddaburonlik"ka qo‘l urdi.

Bojxona rasmiylashtiruviga taqdim etilgan tovar ishlab chiqarilgan mamlakatning «Tovarning kelib chiqish sertifikati"da ko‘rsatilgan tovar haqidagi ma’lumotlar kirib kelgan tovarlarga mos emasligi ma’lum bo‘ldi.

Aslida «Tovarning kelib chiqish sertifikati"da ko‘rsatilgan tovarning nomiga mos kelmaganligi tufayli bojxona boji stavkalari ikki barobar miqdorda to‘lanishi lozim edi. Lekin, lozim darajada rasmiylashtirilmagan «Tovarning kelib chiqish sertifikati» bilan u davlat byudjetiga undirilishi lozim bo‘lgan 318,5 mln. so‘m bojxona to‘lovlarini «tejab» qolmoqchi bo‘lgan ekan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.