«Xalq so‘zi» muxbiri O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan irrigator, suv xo‘jaligi sohasida taniqli mutaxassis Ismoil Jo‘rabekov bilan suhbatlashdi. Unda Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan ekologik tadbirlar, dengizning qurigan qismida o‘rmon barpo etish ishlarining ahamiyati, shuningdek, Orol dengizi bilan yuz bergan hodisaning sabablari va saboqlari to‘g‘risida so‘z bordi.

«Hech qachon „hech qachon“ dema», degan ibora bor. Lekin xavotirdamanki, avvalgi Orolni, hatto kichikroq o‘lchamda bo‘lsa ham, endi ko‘rmaymiz. Uning o‘rnida hozir mavjud bo‘lgan uchta ko‘l saqlanib qoladi. Ular Sirdaryo va Amudaryodan emas, balki yer osti suvlari va boshqa manbalardan suv oladi. Paydo bo‘lgan Orolqumga saksovul va qurg‘oqchilikka chidamli boshqa o‘simliklarni ekish zarur. Eng muhimi, Orolbo‘yi aholisi uchun yaxshi sharoitlar yaratish, ularning salomatligi, munosib turmush tarzi va mehnat qilishi uchun harakat qilish kerak.

Afsuski, Orolni qaytara olmaymiz. Faqat, bilasizmi, O‘zbekistondagina emas, balki boshqa mamlakatlarda ham Orol fojiasi bergan saboqlarni yaxshi anglash, inson faoliyati, u hatto ezgu niyatlar bilan qilingan bo‘lsa-da, ayanchli natijaga olib kelishi hech gap emasligini chuqur tushunish lozim.

Bu — saboqlar juda dolzarb. Negaki, dunyoning boshqa mintaqalarida ham dengiz va ummonlarni to‘ldiruvchi daryolar suvidan xo‘jalik maqsadlari uchun nazoratsiz foydalanish ana shunday vaziyatga olib kelyapti, oqibatda ularning hajmi kichrayib bormoqda. Mutaxassislarga ishonadigan bo‘lsak, keyingi 40 yil ichida mashhur O‘lik dengizning maydoni uch baravar qisqaribdi. U ikki bo‘lakka bo‘linib qolgan va sayozlashib bormoqda, hatto yarim asrdan so‘ng umuman yo‘qolib ketishini ham bashorat qilishmoqda. 1960 yildan boshlab Afrikadagi eng katta suv ombori — Chad ko‘li ham kichraymoqda. AQSHdagi Katta Tuzli ko‘l haqida ham shunday deyish mumkin. Eronning shimoli-g‘arbiy qismidagi Urmiya ko‘li dunyodagi eng katta oqmas sho‘r ko‘l hisoblanadi, ayni vaqtda uni qutqarish bo‘yicha ish olib borilyapti. Mabodo, u qurisa, o‘rnida milliardlab tonna tuz qoladi. Havza yaqinida yashaydigan million-million kishilar bo‘lsa, xuddi Orolbo‘yi aholisiga o‘xshagan holatga tushadi.

Buning ustiga, ko‘l va dengizlarni to‘ldirib turuvchi daryolardan (ayniqsa, ular transchegaraviy bo‘lsa) suv olishni nazorat qilish juda qiyin. Ba’zi ekspertlar esa dunyoning muayyan mintaqalaridagi chuchuk suv va oziq-ovqat taqchilligi hatto mamlakatlar o‘rtasida nizo kelib chiqishiga sabab bo‘lishi ham ehtimoldan yiroq emas, deyishmoqda.

Darvoqe, bu yerda ham O‘zbekiston tajribasi qo‘l kelishi mumkin. Suv zaxiralari sababli qo‘shni mamlakatlar bilan bizning o‘rtamizda bahslar bo‘lgani esimizda. Ba’zan o‘zaro da’vo qilishgacha borganmiz. Shavkat Mirziyoyevning prezident bo‘lganidan keyin birinchi qilgan ishi qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilash va hamkorlik o‘rnatish bo‘ldi, shu jumladan, suv zaxiralaridan birgalikda foydalanish masalasida ham. Ma’lum bo‘ldiki, «davra stoli» atrofida, uchrashuv va muzokaralar yo‘li bilan, suv masalasini qo‘shib hisoblaganda, ko‘pgina muammolarni hal qilish mumkin ekan. Mana, o‘tgan yili suv taqchilligi sezilgan vaqtda qo‘shnilar bilan birga, shunday qo‘shma chora-tadbirlar qo‘llanildiki, suvsizlikdan ko‘riladigan zarar minimal darajagacha kamaytirildi.

Qisqasi, yana bir bor takrorlayman, Orol fojiasining saboqlari juda dolzarb va hamma ulardan tegishli xulosa chiqarishi lozim", — dedi Ismoil Jo‘rabekov.