Hukumat qarori bilan Ichki ishlar vazirligining ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchilari ovqatlanish tizimini autsorsing shartlarida tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Nizomga muvofiq, autsorser (shartnoma asosida o‘quvchilarni ovqatlantirish xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxs)lar umumiy ovqatlanish sohasida kamida uch yil faoliyat ko‘rsatgan, autsorsing xizmati bo‘yicha kamida bir oylik shartnoma summasiga teng aylanma mablag‘larga ega bo‘lishi lozim.

Autsorsing xizmati ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma uch nusxada tuziladi.

Autsorser tomonidan foydalaniladigan oziq-ovqat mahsulotlari sertifikatlar bilan tasdiqlanishi, shuningdek, xalqaro va milliy standartlar talablariga javob berishi shart.

Oshxonaning ishlab chiqarish xonalari, asbob-uskunalari, idish-tovoqlari va mebellari ijara shartnomasi asosida «nol stavka» bo‘yicha autsorserga foydalanishga beriladi.