«Xalq so‘zi» muxbiri O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan irrigator, suv xo‘jaligi sohasida taniqli mutaxassis Ismoil Jo‘rabekov bilan suhbatlashdi. Unda Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan ekologik tadbirlar, dengizning qurigan qismida o‘rmon barpo etish ishlarining ahamiyati, shuningdek, Orol dengizi bilan yuz bergan hodisaning sabablari va saboqlari to‘g‘risida so‘z bordi.

«Orol fojiasining ilk sabablari nimada? Men bu masalada ko‘plab mutaxassislar, olimlar va ekspertlarning fikri bilan tanishman. Aytish lozimki, bu — nihoyatda murakkab mavzu. Ba’zan ushbu masala bo‘yicha bahs boshlansa, his-tuyg‘ularga berilib ketish ham kuzatiladi. O‘z vaqtida u, menimcha, haddan tashqari siyosiylashtirib yuborilgan edi.

Xo‘sh, fojiaga o‘zi nima olib keldi? Buni tushunish uchun, keling, his-tuyg‘ularni bir chetga surib, oddiy dalillarga murojaat qilaylik. Xaritaga qarang. Sirdaryoni olsak, u Tojikiston, O‘zbekiston va Qozog‘iston hududlaridan oqib o‘tadi. Lekin daryo oqimining ­deyarli to‘rtdan uch qismi Қирғизис­тонda shakllanadi, ya’ni muzliklar erishidan hosil bo‘lgan Qoradaryo va Norin daryolarining qo‘shilishidan Sirdaryo tashkil topadi. ­Amudaryo oqimining 80 foizi esa Tojikiston va Afg‘onistondagi tog‘larda vujudga keladi. Shundan keyin bu daryo O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasi bo‘ylab oqadi, Turkmanistonning shimoli-sharqiy qismini kesib o‘tib, yana O‘zbekiston hududida oqishni davom ettiradi. Hattoki, bugungi global isish va muzliklar erishi sharoitida ham Orolni to‘ldirib turgan bu ikki daryoning suvi uni saqlab qolish uchun yetgan bo‘lar edi", — dedi u.

«Endi tarixga nazar tashlasak. O‘tgan asrning 60-yillarida O‘rta Osiyoning barcha respublikalari va Qozog‘istonda jadal sur’atlar bilan cho‘llarni o‘zlashtirish boshlandi. Yiliga 70 — 80 ming gektar yer o‘zlashtirilar edi. Bir gektar maydonni qishloq xo‘jaligida foydalanish uchun tayyorlash, u yerda hosil yetishtirishga hech bo‘lmaganda o‘n va undan ortiq ming kub metr suv kerak bo‘ladi. Shunday qilib, cho‘lni o‘zlashtirish uchun har yili 600 — 700 million, ba’zan bir milliard kub metrgacha suv sarflanar edi. Sirdaryo va Amudaryodan suv olish hajmi yildan-yilga ortib bordi. Vaqti kelib, daryolar endi Orolga yetib bormay qo‘ydi, bunday holat keyingi yillarda yuz berdi.

Xo‘sh, biz Orolni yo‘qotib qo‘yishimiz mumkinligini qachon tushunib yetdik? Aslida cho‘l yerlarni keng ko‘lamda o‘zlashtirish natijasida daryolar suvi Orolga yetib bormasligi avvaldan ma’lum edi. Shuni bilgan holda, nega bo‘lmasa, bunchalik tez o‘zlashtirish va ko‘p suv sarfiga yo‘l qo‘yildi?

Bunga bir nechta sabab bor edi. Shulardan asosiy ikkitasini keltirib o‘taman. Birinchi galda — O‘rta Osiyo respublikalarida aholi sonining yiliga 2 — 2,5 foizgacha o‘sishi. Shu o‘rinda qator savollar paydo bo‘ladi. Mabodo, o‘sha vaqtda sug‘oriladigan yerlar maydoni 1,8 milliondan 4,3 million gektargacha yetkazilmaganida, bugun O‘zbekiston o‘zining 33 milliondan ziyod aholisini boqa olarmidi? To‘g‘ri, yerlar, asosan, paxta ekish maqsadida o‘zlashtirilgan va ko‘pgina oziq-ovqat mahsulotlari O‘zbekistonga boshqa respublikalardan keltirilgan. Bu — sobiq ittifoq markazining o‘sha davrdagi siyosati edi. Lekin agar o‘shanda yerlar o‘zlashtirilgan bo‘lmaganida, ittifoq parchalanib ketganidan keyin qanday ahvolga tushib qolardik — buni endi tasavvur qilish qiyin emas. Oziq-ovqat mahsulotlarini chetdan valyutaga sotib olishga to‘g‘ri kelgan bo‘lardi, mustaqil respublikada esa valyuta yetishmasdi. Shu yerda O‘zbekiston suverenitetga erishgan dastlabki kunlarda bor-yo‘g‘i bir haftaga yetadigan bug‘doy zaxirasi ­mavjud bo‘lganini eslashning o‘zi kifoya. O‘shanda va undan keyin ham valyuta, asosan, paxta tolasini ­eksport qilish hisobiga topilgan va unga oziq-ovqat mahsulotlari, eng avvalo, don xarid qilingan.

Orol uchun salbiy oqibatlarga olib kelishini bilgan holda, baribir nimaga cho‘l o‘zlashtirishga zo‘r berib, Sirdaryo va Amudaryoning suv zaxiralari ko‘p sarf qilinavergan? Endi buning ikkinchi sababiga kelsak. Bu O‘zbekistonni ham, qo‘shni respublikalarni ham rivojlantirish bilan bog‘liq. Aynan o‘sha davrda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni jadal ko‘paytirish bilan bir qatorda, yirik korxonalar ham qurilgan, ular esa ham mahsulot ishlab ­chiqargan, ham aholini ish o‘rinlari bilan ta’minlagan. Yerlarni o‘zlashtirish bilan bir paytda, bugun millionlab odamlar yashayotgan aholi punktlari bunyod etilgan. Ya’ni agar yangi yerlarni o‘zlashtirmaganimizda, iqtisodiyotimizning bugungi taraqqiyoti darajasiga, uning mustaqillik yillaridagi o‘sishi uchun zamin yaratishga erishgan bo‘lmasdik.

Yo‘q, hozir hikoya qilayotganlarimni o‘z vaqtida Orolni halokatga olib kelgan sa’y-harakatlarni oqlash, deya qabul qilmasligimiz kerak. Asosiy ayb insonning tabiatga aralashuvida ekanligi aniq. Shunday bo‘lsa-da, adolat nuqtai nazaridan, insonga nima uchun shu qadamni qo‘yish zarur bo‘lganini ham hisobga olishga to‘g‘ri keladi. Unchalik chiroyli bo‘lmasa ham, quyidagi o‘xshatishni keltirmoqchiman: tarozining ikki pallasini ko‘z oldimizga keltirsak, bir pallada — Orol qismati, ikkinchi pallada esa — bugungi kunda erishganlarimizning katta qismi va ko‘plab odamlar taqdiri", dedi Ismoil Jo‘rabekov.