Rioda o‘tkazilgan 2016 yilgi yozgi olimpiada o‘yinlarida chempionlikni qo‘lga kiritgan Shahobiddin Zoirov faoliyatini professional boksda davom ettiradi. Bu haqda olamsport.com sayti xabar berdi.

Buxorolik bokschi Buyuk Britaniyaning mashhur «MTK Global» promouterlik kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi. U hatto yangi jamoasi bilan birga Ispaniyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini ham o‘tkazishga ulgurdi.

«Ha, Britaniya kompaniyasi bilan shartnoma imzoladim. Ayni paytda Buxoradaman. Hafta oxirlarida Angliyaga jo‘nab ketishim kerak. Hozir vizaning chiqishini kutyapman. Barcha detallarga, ya’ni birinchi jangim qachon va kimga qarshi o‘tkazaman, kabi savollarga u yerga borganimdan so‘ng oydinlik kiritamiz», — dedi Zoirov.

Ma’lumot uchun, superog‘ir vazn toifasidagi sobiq jahon chempioni britaniyalik Tayson Fyuri, shuningdek, Martin Myurrey, Billi Jo Sonders singari sobiq jahon chempionlari ham «MTK Global» promouterlik kompaniyasi mijozi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, Shahobiddin Zoirov Rio olimpiadasining hal qiluvchi final jangida rossiyalik mashhur bokschi Misha Aloyanni mag‘lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan edi.