Hukumat qarori bilan Paxta xom ashyosi yetishtiruvchilarning tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qarorga muvofiq, har yili 1 aprelga qadar kelgusi yilda paxta yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha aniq ro‘yxat shakllantirilib, Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun taqdim etilishi belgilandi.

Qaror bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, paxta yetishtiruvchilarning tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan maydonning har bir gektari uchun Davlat byudjetidan bir martalik 8 mln so‘m subsidiya ajratiladi.

Mazkur subsidiya paxta yetishtiruvchilarning tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarini, shu jumladan ushbu maqsadga jalb etilgan kredit bo‘yicha qarzdorliklarini qoplashga yo‘naltiriladi.

Nizomga muvofiq, har bir tumanda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish bo‘yicha yakunlangan ishlarni foydalanishga qabul qilish uchun tuman hokimining tegishli qarori bilan qabul komissiyasi tuziladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, viloyat Qishloq xo‘jaligi boshqarmalari Suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etishga ko‘maklashuvchi ishchi guruh ishchi organi hisoblanadi.

Shunga ko‘ra, subsidiya oluvchi paxta yetishtiruvchilari ro‘yxatiga kirish uchun paxta yetishtiruvchilar ishchi organga tegishli hujjatlarni o‘rtanilgan tartibda taqdim etadi.

Ishchi guruhning ijobiy xulosasini olgan hamda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun subsidiya olishga da’vogar paxta yetishtiruvchilar ro‘yxati har o‘n kunda ishchi organ tomonidan shakllantiriladi.

Tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish va ularning butlovchi qismlarini sotib olish uchun ajratiladigan kreditlar bo‘yicha bir gektarga 20 mln. so‘mdan oshgan qismi (kompensatsiya qilinmaydigan qismi) alohida tijorat krediti bilan rasmiylashtiriladi.

Shuningdek, nizomga ko‘ra paxta ishlab chiqaruvchilarning tomchilatib sug‘orish texnollgiyalarini joriy etish bilan bog‘liq loyihalari amalga oshirilgan yer maydonlari bo‘yicha keyingi yillarda amalga oshiriladigan loyihalari kredit majburiyatlarining bir qismini qoplashga yo‘l qo‘yilmaydi.