Olga Zabelinskaya Belgiyada o‘tkazilgan velotrek bo‘yicha International Belgian Track Meeting musobaqasida ikkita oltin medalni qo‘lga kiritdi, deya xabar qildi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi.

Velopoygachi Zabelinskaya 2 fevral kuni 192 ballik natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni Polsha vakilasi Lotte Kopetski (167 ball), uchinchi o‘rinni esa belgiyalik Marta Yaskulska (159 ball) band qildi.

Olga Zabelinskaya Point Race poygalarida ochkolar hisobiga ko‘ra g‘alaba qozondi va navbatdagi oltin medaliga sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rindan belgiyalik Jolen Dor (34 ochko) joy olgan bo‘lsa, kuchli uchlikka fransiyalik Viktuar Berto (31 ochko) yakun yasadi.

Olga Zabelinskaya bilan bir qatorda Yekaterina Knebeleva va Murod Xolmurodov ham O‘zbekiston nomidan ishtirok etdi.

Musobaqa 1−3 fevral kunlari Belgiyaning Gente shahrida bo‘lib o‘tdi. Sovrinli o‘rinlar uchun 15 davlatdan 11 jamoa qatnashdi. Turnirda 2020 yilgi Tokio Olimpiya o‘yinlari uchun reyting ochkolari o‘ynaldi.