Toshkentda Xitoyning Nanking politexnika instituti (Nanjing Polytechnic Institute) filialini ochish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuoti xizmati «Gazeta.uz"ga.

Shu munosabat bilan 25−27 yanvar kunlari institut vitse-prezident Chjan Syaojun boshchiligida delegatsiyasi Toshkentga tashrif buyurdi.

Delegatsiya tashrifining maqsadi — O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida oliy ta’lim sohasida aloqalar o‘rnatish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdir. Xususan, manfaatdor vazirliklar va idoralarda bir qator uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazilib, kasb-hunar kollejlari faoliyati bilan tanishildi, Toshkentda Nanking politexnika instituti filialini ochish imkoniyatlari o‘rganib chiqildi.

O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi, «O‘zstandart» agentligi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish Respublika markazi bilan muzokaralar o‘tkazildi. Bunda Nanking politexnika instituti bilan qo‘shma dastur, qo‘shma fakultet hamda to‘laqonli filial tashkil etish bo‘yicha ishlarni boshlash yuzasidan kelishib olindi.

Nanking politexnika instituti O‘zbekistondagi filialida darslarni ingliz va xitoy tilida olib borish rejalashtirmoqda.

Shuningdek, O‘zbekistonda o‘qiydigan talabalarni Nanking politexnika institutiga o‘qishga yuborish, 2+2, 1+3, 3+1 formatida talabalar o‘qishini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabalarini Nanking politexnika institutida menejment, raqamli biznes, elektron tijorat yo‘nalishlaridao‘qitishga qiziqish bildirdi.

«O‘zstandart» agentligi mutasaddilari esa kimyo texnologiyalari sohasida o‘z xodimlari malakasini oshirishi tozimligini qayd etdi.

Tomonlar mazkur muloqotlarni davom ettirish va O‘zbekiston delegatsiyasini Xitoyga amaliy tashrif buyurishiga kelishib oldilar.

Nanking politexnika instituti 1958 yilda Nanking shahrida (Jiangsu provinsiyasi, XXR) viloyat hukumati tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, Xitoyning top-83 oliy o‘quv yurtidir. Institut kampus bilan 740 akr maydonni o‘z ichiga oladi. Bugungi kunda oliy o‘quv yurtida 10 mingdan ziyod talaba 40 dan ziyod mutaxassislik bo‘yicha taxsil oladi. Institut qoshida 12 ta kollej mavjud.

Institut dunyodagi 17 ta mamlakat va 40 dan ortiq kollejlar va ta’lim muassasalari bilan xamkorlik qiladi. Institutda 500 nafar xorijiy talabatahsil olib kelmoqda, shundan 33 nafarini o‘zbek yigit-qizlari tashkil qiladi. Institut shuningdek, xorijlik talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Xalqaro talabalar stipendiyasi» ni tashkil qilgan.