Vazirlar Mahkamasining 2019 yilning 29 yanvar kuni «O‘zbekistonda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish va aholini jismoniy tarbiya va ommaviy sportga jalb etish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur qarorga asosan, yurtimizda umumiy jismoniy tayyorgarlikni belgilovchi sport me’yorlarini o‘z ichiga olgan «Alpomish» va «Barchinoy» testlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Musobaqa tarzida tashkil etiladigan, 6 yoshdan boshlab, barcha insonlar qatnashadigan «Alpomish» va «Barchinoy» maxsus testlari turli shartlar asosida 12 ta yosh toifasi bo‘yicha har yili 2 marotaba o‘tkaziladi.

Mazkur test sinovlarida ishtirok etish fuqarolar uchun ixtiyoriydir. Qatnashish istagini bildirganlar uchun esa sinovlarida majburiy va ixtiyoriy me’yorlar belgilangan. I, II, III darajali Alpomish va Barchinoy ko‘krak nishonlariga ega bo‘lish uchun majburiy sinovlardan o‘tish talab etiladi.

Misol uchun, 26−33 yoshlilar uchun majburiy sinov mashqlari:

30, 60 metrga yugurish;

2000 metrga yugurish;

chalqancha yotgan holda gavdani ko‘tarish;

gimnastik o‘rindiqdan tizzalarni bukmay, oldinga egilish;

16 kg. sport anjomini (gira) bir qo‘lda yuqoriga ko‘tarib, tushirish;

Ixtiyoriy sinov mashqlari:

Yugurib kelib yoki turgan joydan uzunlikka sakrash;

500 yoki 700 grammlik sport anjomini uloqtirish;

Kurakka yotgan holda oyoqlarni juftlashtirib, gavdani yuqoriga 90 gradus ko‘tarish;

100 metrga erkin usulda suzish;

45 kg.lik qo‘g‘irchoqni qo‘li va belidan ushlab, bo‘ksadan oshirib yiqitish (o‘ng va chap tomonga);

Basketbol to‘pini 3 metr masofadan savatga tashlash;

Darts (3 metrdan nishonga olish);

Tennis to‘pi bilan 5 m. uzoqlikdagi 20×20 sm hajmdagi nishonni urish;

Sayr qilish 5 km;

Maxsus test sinovlari talablarini bajargan fuqarolar I, II va III darajali ko‘krak nishonlari bilan taqdirlanadi hamda tegishli sport razryadi va unvoniga sazovor bo‘ladi.

Bundan tashqari qarorga muvofiq, 2019 yil 10 fevraldan barcha telekanallarda har kuni uch marta (ertalab, kunduzi va kechki) 3−5 daqiqali ommaviy badantarbiya mashg‘ulotlari videoroliklari namoyish etiladi.