Vazirlar Mahkamasining «Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qaror bilan ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimiga «Obod uy» elektron dasturini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Mazkur chora-tadbirlar rejasiga muvofiq 2019 yil 1 mayga qadar «Obod uy» elektron dasturi va uning mobil ilovasi joriy etiladi.

Eslatib o‘tamiz, «Obod uy» elektron dasturi — xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarida majburiy badallarning hisob-kitobini yuritish va axborot-maslahat olish imkonini beradigan billing tizimi hisoblanadi.

Ushbu tizim Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida namunaviy tarzda joriy etilib, sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan.