Toshkent shahrida joylashgan «Aurum 898» tungi klubida 2018 yil avgust oyida ro‘y bergan mushtlashuv oqibatida sportchi Jamshid Kenjayev vafot etgani yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida sudlanuvchilar Sh.Qilichov, S.Kamoldinov, A.Hamroyev va J.Yorqulovga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

— Sud jarayoni 2019 yil 21 yanvar kuni boshlangan edi, — deydi Oliy sud rasmiy vakili Aziz Obidov. — Bugun, 23 yanvar kuni sud o‘z ishini davom ettirdi. Sud tomonidan sud jarayoni ishtirokchilarining hozir bo‘lgani tekshirildi, sud tarkibi, tomonlar e’lon qilindi. Rad qilish huquqi tushuntirildi, sudlanuvchilarning shaxsi va ularga ayblov xulosalarining nusxalari berilgan vaqt aniqlandi. Ish bo‘yicha sudlanuvchilar va tomonlarning huquq hamda majburiyatlari tushuntirildi.

Sud majlisining tayyorgarlik qismi iltimosnomalar bor-yo‘qligi to‘g‘risidagi masalani aniqlash bilan yakunlandi. So‘ngra rais tomonidan sud tergovi boshlanganligi e’lon qilindi. Davlat ayblovchisi ayblov xulosasini o‘qib eshittirdi.

Dalillarni tekshirish tartibi belgilandi. Bu jarayon davomida sudlanuvchilar, jabrlanuvchi, guvohlar va ekspertlarning ko‘rsatmalari tinglanadi. Shuningdek, ushbu ish bo‘yicha to‘plangan boshqa dalillar tekshiriladi.

Sudlanuvchilarning ko‘rsatmalari tinglandi. Bugungi sud majlisida beshta guvoh so‘roq qilindi. Sud jarayoni davom etmoqda. Sudning keyingi majlisi 28 yanvar soat 11.00 da bo‘ladi.