26-yanvar kuni respublika bo‘ylab umumxalq ekologik xayriya hashari o‘tkaziladi. Bu Vazirlar Mahkamasining Orolbo‘yidagi ekologik vaziyatni yumshatishga qaratilgan tegishli farmoyishida ko‘zda tutilgan.

Adliya vazirligining rasmiy Telegram-kanalida xabar qilinishicha, xayriya hasharini o‘tkazish doirasida mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli uylar va binolar, hovlilar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar va qabristonlar, ariqlar, ko‘chalar va yo‘laklar hamda bolalar maydonchalari tartibga keltiriladi.

Mazkur xayriya hasharidan tushgan mablag‘lar Orol dengizining suvi qurigan maydonlarida himoya o‘rmonlarini barpo etish, mintaqada ekologik holatni va aholi turmush sharoitini yaxshilash, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish kabi tadbirlarga sarflanadi.