Toshkent IIBB xodimlari tezkor-qidiruv tadbiri vaqtida muqaddam bir necha marotaba sudlangan va 14 yanvar kuni Farg‘ona viloyati IIB tomonidan qidiruv e’lon qilingan 26 yoshli Vohidjon Toshmatov joylashgan yerni aniqladi. U O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-modda («Firibgarlik») 3-qismida ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinmoqda, deya xabar qildi poytaxt IIBB matbuot xizmati.

Qo‘lga olish vaqtida u bilan birga kvartirada bo‘lgan qarindoshlari IIBB xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatdi. Ikki xodim tan jarohati oldi. Qo‘shimcha yordamga yetib kelgan guruh 10 kishi, jumladan Toshmatovni qo‘lga oldi.

Tekshiruv vaqtida Toshmatov bilan qarindosh bo‘lgan yana uch nafar qidiruvdagi shaxs ushlangani ma’lum bo‘ldi. Ular Farg‘ona viloyati IIB firibgarlik uchun qidiruvga bergan 46 yoshli farg‘onalik Odina Sohibova, Toshkent viloyati IIB tomonidan bezoriligi uchun qidirilayotgan 22 yoshli farg‘onalik Ozodbek Sohibov va bezorilik sodir etgani uchun qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatida bo‘lgan farg‘onalik 24 yoshli Zohid Toshmatov bo‘lib chiqdi.

Toshkent IIBB qo‘lga olingan shaxslarning poytaxt hududida Jinoyat kodeksining 168-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etgani to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega, deyiladi xabarda.

Yuqorida sanab o‘tilgan shaxslardan jabr ko‘rganlar yoki guvohlar 102 raqami yoki yaqin atrofdagi ichki ishlar bo‘limlari orqali murojaat etishlari mumkin.