O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 yanvar kuni rasmiy tashrif bilan Germaniya poytaxti Berlin shahriga keldi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Tashrifning asosiy tadbirlari 21 yanvarga mo‘ljallangan. Prezident Shavkat Mirziyoyev Berlinda federal prezident Frank-Valter Shtaynmayer, federal kansler Angela Merkel va Bundestag raisi Volfgang Shoyble bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

Muzokaralarda O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasidagi siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikni rivojlantirish, madaniy-gumanitar, fan-ta’lim va turizm sohalaridagi aloqalarni faollashtirish kabi masalalarni muhokama qilish ko‘zda tutilgan.

22 yanvar kuni Myunxen shahrida Bavariya Bosh vaziri Markus Zyoder hamda Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Germaniyada o‘qiyotgan, ilmiy izlanishlar olib borayotgan bir guruh o‘zbekistonlik yoshlar Berlinda prezident Shavkat Mirziyoyevni katta xursandchilik bilan kutib oldi.

Mamlakat delegatsiyasi joylashgan qarorgoh oldida samimiy suhbat bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbari vatandoshlarning o‘qish va ishlari, orzu-istaklari bilan qiziqdi.

«Rivojlangan davlatlar barcha sohalarga ilmiy yondashib natijaga erishgan. Biz ham juda katta izlanishdamiz. Butun harakatlarimiz dunyo bilan teng bo‘lishga, xalqimizga munosib hayot yaratishga qaratilgan. Islohotlarni sizdek ilg‘or yoshlar bilan birga amalga oshiramiz. Hamma o‘rgangan bilim, «nou-xau"laringni O‘zbekistonning har bir sohasi intiqlik bilan kutyapti. Qancha ko‘p bilimli bo‘lsak, shuncha qudratli bo‘lamiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident yoshlarni o‘qish va izlanishlarini muvaffaqiyatli tugatib, bilim va tajribalarini mamlakat rivojiga yo‘naltirishga taklif etdi.