Metrotelecom qayd qilingan aloqa operatori yil o‘rtasigacha Toshkent metropolitenining barcha stansiyasida Wi-Fi tarmog‘ini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 17 yanvarda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Independent telecom innovations kompaniyasi vakili «Gazeta.uz» muxbiriga ma’lum qildi.

Hozirda «Paxtakor» va «Alisher Navoiy» va nomi aytilmagan yana bir stansiyada sinov rejimida tarmoqqa ulanish mumkin. Tig‘iz vaqtlarda, kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, tarmoqqa 500 nafargacha kishining ulanishi kuzatilmoqda.

Hozircha metropoliten yo‘lovchilari faqat Metrotelecom mediaportaliga ulana olayapti. Bu yerda videokliplar, musiqalar, kitoblar va ta’limiy materiallarni ko‘rish, tinglash va yuklab olish mumkin.

Kompaniya vakilining qayd etishicha, kelajakda metro yo‘lovchilari tas-ix va internetga ulana oladi. Hozirda huquqiy va texnologik masalalarni hal etish ustida ish olib borilmoqda.